"Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining Toshkent – Buxoro yo`nalishida parvoz qilayotgan HY23 yo`lovchi reysi uchish aeroportiga qaytdi. Samolyot ekipaji Buxoro aeroportidagi noqulay ob-havo sharoiti (chang bo`roni) tufayli uchish aeroportiga qaytishga qaror qilgan.
Bu haqda "Uzbekistan Airports" xabar bermoqda.
Bortida 125 yo`lovchi bo`lgan samolyot mahalliy vaqt bilan soat 16:03 da Toshkentga qo`ndi. Samolyot yaqin soatlarda Buxoro aeroportiga uchib ketishi kutilmoqda.
Parvoz jadvaliga kiritilgan o`zgartirishlar to`g`risidagi batafsil ma`lumotlarni aviatashuvchidan, shuningdek, "Uzbekistan Airports" rasmiy sayti va mobil ilovasi orqali olish mumkin.






