Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Farg`onada olma o`g`irlab ketayotgan bolakay, do`kon egasi va yo`l-patrul xizmati xodimi o`rtasidagi voqea aks etgan video keng tarqaldi.
Savdo do`konining kuzatuv kamerasiga tushib qolgan video ostidagi izohlarda bolakay bemor onasiga olma o`g`irlab ketayotgani, do`kon egasi buni payqab qolib uni to`xtatgani aks etgan. Unda shu yaqinda xizmat olib borayotgan YPX xodimi jarayonga kelib qo`shilib, holatdan xabar topib bolakayga olma xarid qilib bergani ko`rish mumkin. Bir qarashda tarmoqlarda tarqalgan video atayin tasvirga olingan, holat YPX xodimining obro`sini oshirish maqsadida uyushtirilgandek tuyuladi.
Aniqlashimizcha, barchasi tabiiy bo`lgan. Voqea bundan taxminan 20 kunlar avval Farg`ona shahar Sohibqiron Temur ko`chasida sodir bo`lgan. Onasining yolg`iz farzandi bo`lgan yosh o`g`il bemor volidasiga olma olib kirmoqchi bo`lgan. Ammo, puli yo`qligi bois do`kondan 1-2 ta olmani bilintirmay olishga qaror qilgan. Do`kondor esa kuzatuv kamerasi orqali bolakayni ko`rib to`xtatgan. Mazkur ko`chada xizmat olib borayotgan IIB YPX safdor xodimi Sardorbek Sattorov bolakay va do`konchining suhbatiga kelib qo`shilgan.
“Xizmat olib borayotgan paytimda yosh bola va do`kon egasi o`rtasida nizoli vaziyat kelib chiqqannini ko`rdim. Borib so`raganimda bolakay bemor onasiga olma olmoqchi bo`lgani, yonida puli yo`qligi uchun bilintirmay olib ketmoqchi bo`lganini aytdi. Bu to`g`ri yo`l emasligini ta`kidlab, bolaga olma xarid qilib olib berdim. Keyingi safar bunday ishga qo`l urmaslik kerakligini, bu kabi holatlar yaxshi oqibatlarga olib kelmasligini bolaga tushintirdim”, – deydi IIB YPX xodimi, safdor Sardorbek Sattorov. “
Inspektor bu holat kuzatuv kamerasiga tushib qolgani, ijtimoiy tarmoqlarga tarqalib ketganidan xabari ham bo`lmagan.
“Rahbariyatimiz, ota-onam, yaqinlarim qilgan xayrli ishim uchun minnatdorchilik bildirishdi. Bu borada tanigan-bilgan, eshitganlarlardan tez-tez qo`ng`iroqlar bo`lib turibdi, iliq fikrlar bildirilmoqda” - deydi u.
Yuqoridagi kabi holatlar xayrli, savobli bo`lishi bilan birga ichki ishlar xodimlarini xalqqa yanada yaqinlashtiradi, desak mubolag`a emas. Sababi, videoni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatayotgan foydalanuvchilarning aksariyati YPX xodimiga rahmat aytishmoqda, uning sha`niga iliq fikrlar bildirishyapti.
Darakchi.uz uchun Farg`onadan maxsus Islom Nishonov tayyorladi






