AsosiyJamiyat

O`zbekistonda 4 300 gektar o`rmon erlari egallab olingan

'O`zbekistonda 4 300 gektar o`rmon erlari egallab olingan'ning rasmi

O`zbekistonda 4 300 gektar o`rmon fondi erlari o`zboshimchalik bilan egallab olingan. Bu haqida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida O`rmon xo`jaligi agentligi direktori Nizomiddin Bakirov ma`lum qildi.

Uning qayd etishicha, mamlakatimizda o`rmonlarni muhofaza qilish, o`rmon fondi erlaridan oqilona foydalanish, ularda daraxtlar va butalarni ekish hamda etishtirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. O`rmon fondi er maydonlarida o`rmon xo`jaliklari tomonidan 1,1 tonna cho`l va boshqa turdagi daraxtlar va butalarning urug`lari jamg`arilgan. Niholxona va ko`chatxonalarning umumiy maydoni 1,3 ming gektarga etkazilib, 166 million dona turli mevali hamda manzarali daraxtlar va butalarning ko`chatlari, nihollari etishtirilgan.  

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida respublika bo`yicha 3 mln. tupga yaqin daraxtlar va butalarning ko`chatlari hamda nihollari bepul etkazib berilgan, 457 gektar maydonda “yashil bog`lar” barpo etilgan.  

O`rmon fondi erlaridagi ekoturizm ob`ektlari soni 280 taga, ekoturistik marshrutlar soni 38 taga, tashrif markazlari soni 5 taga etkazilgan. 2023 yilda olinadigan yalpi daromad 320 milliard so`mni, o`rmon mahsulotlari bo`yicha ichki mahsulot ishlab chiqarish 8,8 trillion so`mni tashkil etgan.  

Majlisda deputatlar davlat o`rmon fondidan unumli foydalanish, ekoturizmni rivojlantirish choralarini ko`rish, o`rmon fondi hududidagi yaylovlarda chorva mollarini boqish masalalariga oid qator savollarni o`rtaga tashladi. Sohaga oid fuqarolarning murojaatlari hamda qonunbuzilish holatlari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.  

"O`rmon xo`jaliklaridagi qonunbuzilish holatlari aniqlanganda doimiy ravishda Bosh prokuraturaga ma`lumotlar taqdim etilmoqda. Bugungi kunga qadar 243 ta holatda o`zboshimchalik bilan egallab olingan 4 ming 300 gektar, noqonuniy qurilish qilish bo`yicha 884 holatda 180 gektar, maqsadsiz foydalanish borasida 46 holatda 112 gektar er maydonlari aniqlangan. 2017 yildan boshlab noqonuniy egallangan 28 ming er maydonlarining 25 ming gektarini qaytarib olish choralari ko`rildi. Bunday holatlarni bartaraf etish chora-tadbirlari ham ko`rib borilmoqda. Masalan, 198 ta holatda sud organlariga da`vo arizalari kiritilgan. Mahalliy hokimliklar tomonidan noqonuniy berilgan holatlar ham o`rganilib, o`rmon fondi erlarini qaytarish choralari ko`rilgan", – dedi N.Bakirov. 

Shuningdek, O`rmon xo`jaligi agentligi direktori o`z axborotida “Yashil makon” doirasidagi ishlar, cho`l hududlari degradasiyasining oldini olish, Orol hududida olib borilayotgan ishlar haqida ham to`xtaldi. Qayd etilganidek, Orolning qurigan tubida tashkil etilgan yashil qoplamalar natijasida ushbu hududda yog`ingarchilik miqdori 30 foizga ko`paygan. O`tgan yili “Yashil makon” loyihasi doirasida ekilgan ko`chatlarning 10 millioni qurib ketgani ularning loyihasiz ekilgani, suv etib bormagani, egasiga biriktirilmagani oqibati ekanligi ta`kidlandi.

    Boshqa yangiliklar