AsosiyJamiyat

O`zbekistonlik pilla etishtiruvchilar daromad solig`idan ozod qilinadi

'O`zbekistonlik pilla etishtiruvchilar daromad solig`idan ozod qilinadi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida bo`lib o`tayotgan qishloq xo`jaligi sohasiga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishida aytilishicha, O`zbekistonda 2025 yildan pilla narxini davlat belgilashi amaliyotidan voz kechiladi.

Yig`ilishda prezident ipakchilikni rivojlantirishga alohida e`tibor qaratib, tarmoqda keskin o`zgarish qilish zarurligini ta`kidladi. Vetnam va Xitoy tajribasi asosida pillani sanoat usulida etishtirish yo`lga qo`yiladi, pilla etishtiruvchilarning moddiy manfaatdorligi oshiriladi.

Buning uchun ikki bosqichda bozor tamoyillariga o`tiladi.

Birinchi bosqichda 2024 yilda pilla narxi 25 foizga oshiriladi. Aholiga pilla etishtirish uchun subsidiya beriladi va pilla etishtiruvchilar daromad solig`idan ozod qilinadi.

Ikkinchi bosqichda esa 2025 yildan narxni davlat belgilashi, klasterlarga tumanlarni biriktirish, fermer va kasanachilar o`zi etishtirgan pillani faqat klasterlarga sotishi amaliyotidan voz kechiladi.

Ya`ni, pilla fermer va klaster o`rtasida erkin narxda tuziladigan shartnoma asosida yoki birja orqali sotiladi.

Pillachilik sohasini rivojlantirish bo`yicha mutasaddilarga qator topshiriqlar berildi. Jumladan, ipak qurtini xonadonlarga tarqatib, o`rma tutzor tashkil etish va uy sharoitida tayyor ipak ishlab chiqarishni rag`batlantirish bo`yicha tizim yaratiladi. Ozuqa-em bazasini ko`paytirish uchun bu yil dalalar atrofida 150 million yangi navli hosildor tut ko`chatini ekish topshirildi.

Ipakchilik instituti huzurida ikkita naslli urug`lik stansiyasi ishga tushiriladi. Institutga xitoylik mutaxassislar taklif qilinib, naslli ipak qurti zotlarini yaratish boshlanadi.

    Boshqa yangiliklar