AsosiyJamiyat

Samarqandlik "tadbirkor"lar davlat byudjetiga 6 milliard so`mga yaqin zarar etkazdi

'Samarqandlik "tadbirkor"lar davlat byudjetiga 6 milliard so`mga yaqin zarar etkazdi'ning rasmi

Elektr energiyasi hamda tabiiy gaz ta`minotiga o`zboshimchalik bilan ulanib, noqonuniy ravishda foydalanib kelayotgan ayrim "uchar" tadbirkorlarning qing`ir ishlari huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirlar davomida fosh bo`lmoqda. Bu haqda DXX Samarqand viloyati boshqarmasi Darakchi.uz'ga ma`lum qildi.

Xususan, DXX Samarqand viloyati boshqarmasi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar hamkorligida olib borilgan tezkor harakatlar natijasida Kattaqo`rg`on tuman Kumushkent MFYda joylashgan fuqaro G.J. rahbarligidagi chiqindilarni qayta ishlash faoliyati bilan shug`ullanuvchi "M.Q.B" MChJga qarashli sex ko`zdan kechirilganda elektr energiyasiga noqonuniy ravishda ulangan holda davlat byudjetiga jami 3,2 milliard so`m miqdorida zarar etkazgani aniqlandi.

Shuningdek, DXX Samarqand viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan o`tkazilgan navbatdagi tadbir davomida aholi iste`molida bo`lgan, jami 800 ta xonadonni tabiiy gaz bilan ta`minlab kelayotgan “Jahonobod-Mirkan” tabiiy gaz tarmog`idan 1993 yilda Paxtachi tumanida tug`ilgan Sh.J. o`zi rahbarlik qilayotgan “J.M.T.” MChJ binosiga tarmoq tortish orqali qonunga xilof ravishda ulanib, 4 ta yirik xumdonlarda noqonuniy ohak mahsulotini ishlab chiqarib kelayotgani aniqlanib, tegishli tartibda xujjatlashtirildi.

Hisob-kitoblarga ko`ra, Sh.J. tomonidan tabiiy gaz tarmog`iga noqonuniy ravishda ulanib, doimiy foydalanib kelinishi natijasida davlat byudjetiga jami 2,4 mlrd. so`m miqdorida zarar etkazilganligi aniqlandi.

Hozirda keltirilgan har ikkala holat bo`yicha O`zbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilishi rejalashtirilib, surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Yuqoridagi kabi "tadbirkor"larning xurmacha qiliqlari sabab chekka hududlarda istiqomat qiluvchi yurtdoshlarimiz resurslardan uzluksiz foydalanishdan bebahra qolishlari mumkin. Cho`ntakni deb, vijdonni sotmang!

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar