Prezident bugun muhokama qilinadigan tadbirlarga 1,1 milliard dollar va 10 trillion so`m yo`naltirilayotganini ta`kidladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Xorazmda kichik va o`rta biznesni yanada qo`llab-quvvatlash uchun imtiyozli shartlarda 100 million dollar ajratilishi belgilandi. Buning hisobidan 5,5 ming tadbirkorga ko`mak berilib, 50 mingta doimiy ish o`rni yaratiladi.
Amudaryo ustidan yangi ko`prik qurilishi ko`p yillik muammoni hal qildi. Eng muhimi, aholini 2 soat vaqti tejaladigan bo`ldi, temir yo`lda yuk tashish xarajatlari 1 ta vagon uchun 600 ming so`mga arzonlashayapti.
Bu – tabiiy xomashyo zaxiralari kam bo`lgan Xorazm tadbirkorlari uchun yangi imkoniyat, sanoat va xizmatlar uchun esa juda katta turtki.
Kecha Prezident xorijiy investorlar bilan uchrashib, ularni 700 million dollarlik loyihalari bilan tanishdi. Shuningdek, mahalliy tadbirkorlarning ham 200 million dollar investisiya kiritish takliflari ko`rib chiqildi.
Sanoat uchun avvalo barqaror energiya manbalari zarur.
Boshqa viloyatlardagi kabi Xorazmda ham kecha Fransiyaning mashhur “Voltalia” kompaniyasi bilan hamkorlikda ilk bor 100 megavattli quyosh elektr stansiyasi qurilishiga start berildi.






