Bolalar ombudsmani Kotibiyatiga fuqaro D.R. (ayol) dan turmush o`rtog`i A.R. ning farzandlariga o`tkazgan tazyiq holatlari yuzasidan murojaat kelib tushgan.
Avval D.R. turmush o`rtog`ining mast holatda 2008 yilda tug`ilgan M.R. va 2012 yilda tug`ilgan M.A. qizlarini urganligi hamda ularga nisbatan turli shaklda tazyiq o`tkazganligi yuzasidan IIBga murojaat qilgan. Biroq holat yuzasidan mutasaddilar tegishli chora ko`rmaganligini, qizlariga “himoya orderi”ni berish bo`yicha arizasi esa qanoatlantirilmaganligidan noroziligini bildirib, ushbu vaziyatni hal qilinishida ko`mak so`ragan.
Bolalar ombudsmani so`roviga asosan aniqlanishicha, Ichki ishlar organlari tomonidan 31 yanvar kuni murojaatchi D.R. ning o`ziga va ikki nafar qiziga himoya orderlari rasmiylashtirilgan.
"Ayolning turmush o`rtog`i harakatlariga huquqiy baho berish masalasini o`rganish bilan birgalikda unga himoya orderi doirasidagi taqiqlar va ularni buzishning huquqiy oqibatlari haqida ogohlantirildi.
Bolalar ombudsmani mazkur holat bo`yicha o`z kuzatuvini davom ettiradi", - deyiladi Bolalar ombudsmani xabarida.






