Prezident Shavkat Mirziyoev avtomobil yo`llari qurilishiga oid rejalar taqdimoti bilan tanishdi.
Mamlakatimizda xalqaro va mahalliy yo`llar tarmog`ini rivojlantirish, transportlar harakatiga qulaylik yaratish maqsadida ko`plab loyihalar ishlab chiqilgan. Jumladan, Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Sement-beton qoplamali ichki yo`llarni qurish” loyihasi ko`zda tutilgan. Loyiha doirasida Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlardagi 86 ta tumanda, 770 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladigan 272 ta mahalladagi 841 kilometr yo`llar sement-beton qoplama bilan yangidan quriladi. Bunga Osiyo taraqqiyot bankining 240 million dollarlik qarz mablag`i yo`naltiriladi.
Qurilish hamda texnik nazorat ishlari to`liq mahalliy pudratchilar – xususiy tadbirkorlar va mahalliy muhandislar tomonidan amalga oshiriladi. Yo`llar foydalanishga qabul qilinganidan so`ng, bosh pudratchi tomonidan 5 yil davomida kafolatli soz holatda saqlanadi va ekspluatasiya qilinadi.
Yana bir loyiha xalqaro ahamiyatdagi M39 “Olmaota – Bishkek – Toshkent – Shahrisabz – Termiz” magistral avtomobil yo`lining 1255-1315 kilometrlarini rekonstruksiya qilishga qaratilgan. Yo`lning bu qismi Dehqonobod tumani markazi Qorashina shaharchasidan o`tgan bo`lib, hozirgi kunda tor va ta`mirtalab.
Loyiha doirasida 60 kilometr uzunlikdagi yo`l sement-beton qoplamadan 4 tasmali qilib quriladi. Dehqonobod tumani markazini aylanib o`tuvchi 17 kilometrlik yangi yo`l, 14 ta ko`prik va yo`l o`tkazgichlar barpo etiladi. Bu Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamg`armasidan jalb etiladigan qariyb 154 million dollar hisobidan moliyalashtiriladi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 10 oktyabrdagi qarorida umumiy foydalanishdagi avtomobil yo`llari ro`yxatini qaytadan tuzish vazifasi belgilangan. Shuningdek, tajriba-sinov tariqasida, Qoraqalpog`iston Respublikasi va har bir viloyatda 20 kilometrdan avtomobil yo`lini ekspluatasiya qilishga autsorsing asosida xususiy sektor jalb qilinadigan yo`llar ro`yxati tasdiqlangan.
Taqdimotda shu borada amalga oshirilayotgan ishlar va joriy yilga mo`ljallangan chora-tadbirlar haqida axborot berildi.
Davlatimiz rahbari yo`llarni sifatli qurish, ta`mirlanadigan ko`chalar bo`yida daraxtlarni o`stirish orqali hudud ekologiyasini yaxshilash, qishloqlarda qulay yo`l-transport infratuzilmasini yaratish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.