Biologiya fanlari doktori, taniqli olim va davlat arbobi, professor Shahlo Turdikulova O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining vise-prezidenti etib tayinlandi. Bu haqda Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi matbuot kotibi xabar qildi.
U O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 80 yillik tarixida bu lavozimni egallagan birinchi ayol bo`ldi. Sh. Turdikulova, shuningdek, Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi huzuridagi Ilg`or texnologiyalar vazirligi huzuridagi Ilg`or texnologiyalar markazi direktori hamdir.
Professor Turdikulova 78 ta ilmiy maqola, shulardan 42 tasi xorijda nashr etilgan, 3 ta kitob va monografiyalar muallifi. Web of Science ma`lumotlariga ko`ra, Hirsh indeksi 14, iqtiboslar statistikasi 1810, O`zbekistonda nashrlar bo`yicha eng yuqori umumiy ta`sir faktoriga ega – 481,28, Nature jurnalida uchta maqolasi chop etilgan mamlakatimizdagi yagona olim. Professor Turdikulova Ilg`or texnologiyalar markazida inson genetikasi va biotexnologiyasi ilmiy maktabining asoschisi hisoblanadi. Olima mamlakatimizda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashga katta hissa qo`shgan.
“O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining vise-prezidenti sifatida faoliyat yuritish men uchun katta sharafdir. Ilm-fan ilmiy-tadqiqot institutlari laboratoriyalaridan chiqib, innovasiyalarga xizmat qiladi, iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirishga va barqaror jamiyat qurishga yordam beradi. Bugungi kunda Fanlar akademiyasi kuchli ilmiy salohiyatga ega, va bu maskanda ish boshlayotganimdan mamnunman”, – dedi Shahlo Turdikulova.
Shahlo Turdikulova doktorlik dissertasiyasi doirasida Kaliforniya universitetining Membrana biologiyasi laboratoriyasida 2005 yilda biologiya bo`yicha Nobel mukofotiga nomzodi ko`rsatilgan taniqli olim Jorj Saks bilan bir jamoada tadqiqot olib borgan. U oshqozon proton pompasining faoliyatining yangi nazariyasini kashf etgan.
Professor Turdikulova Markaziy Osiyoda yashovchi aholining populyasiya genetikasi bo`yicha keng ko`lamli fundamental tadqiqotlar olib borgan. National Geographic tomonidan muvofiqlashtiriladigan «Genographic» xalqaro konsorsiumi tarkibida Markaziy Osiyo xalqlarining kelib chiqishi Evrosiyo populyasiyalari bilan genetik aloqalari o`rganildi. Tadqiqot natijalari Nature jurnalida e`lon qilindi, va ilk bora zamonaviy odamlar 75 000 yil avval Afrikadan paydo bo`lganini ko`rsatadigan genetik hodisa aniqlandi. Ko`p yillik mehnatlar natijasida dunyo aholisining genetik xaritasidagi ilgari mavjud bo`lgan Markaziy Osiyo genetikasining «bo`sh joyi» to`ldirildi. Amalga oshirilgan fundamental tadqiqotlar mintaqamizda keng tarqalgan kasalliklar, jumladan, yangi tug`ilgan chaqaloqlarning genetik patologiyalari genetikasi bo`yicha amaliy tadqiqotlar olib borishga asos bo`ldi. Natijalar yangi tug`ilgan chaqaloqlarni neonatal skrining uchun test to`plamlariga kiritildi, genetik testlar tibbiyot muassasalarida, shuningdek, inson genetik pasportini yaratishda faol qo`llaniladi.
Sh. Turdikulova rahbarligida SARS-CoV-2 virusini aniqlash bo`yicha mamlakatimizda birinchi bo`lib PSR test tizimi yaratildi, testlar ishlab chiqarish yo`lga qo`yildi, mamlakatimiz laboratoriyalarining ehtiyojlari to`liq qondirildi. Shuningdek, xitoylik hamkorlar bilan birgalikda professor Turdikulova boshchiligida rekombinant vaksinaning klinik sinovlari o`tkazildi, ZF-UZVac-2001 nomi bilan vaksina ro`yxatdan o`tkazildi, aynan shu vaksina bilanO`zbekiston aholisining 66 foizi emlangan edi.
2020 yildan Innovasion rivojlanish vaziri o`rinbosari, 2023 yildan esa Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirining fan va innovasiyalar bo`yicha o`rinbosari lavozimida ishlab kelgan. Ilm-fan va innovasiyalar sohasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qo`shgan salmoqli hissasi uchun 2018 yilda «Do`stlik» ordeni bilan taqdirlangan.






