AsosiyJamiyat

Nogironligi bo`lgan shaxslar uchun vakant lavozimlarga tanlov e`lon qilindi

'Nogironligi bo`lgan shaxslar uchun vakant lavozimlarga tanlov e`lon qilindi'ning rasmi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev joriy yil fevral oyida o`tkazgan yig`ilishda nogironligi bo`lgan shaxslarni qo`llab-quvvatlash masalasiga e`tibor qaratdi. Bu haqda UzA xabar berdi.

O`zbekiston 2021 yilda Nogironligi bo`lgan shaxslar huquqlari to`g`risidagi konvensiyaga qo`shilgani tarixiy voqea bo`lgani va undagi majburiyatlarni bajarish bo`yicha tizimli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.  

Davlatimiz rahbari viloyat va tuman hokimlari ushbu shaxslarga yordam berish, ularning uyushmalari va tashkilotlari bilan muloqot qilish, sharoit yaratish bilan etarlicha shug`ullanamayotgani, ayrim vazirlik, idoralar va viloyat hokimliklarda nogironligi bo`lgan birorta odam ishga olinmagani tanqid qildi.

Yig`ilishda qo`yilgan masalalar ijrosi bo`yicha ayni paytda  nogironligi bo`lgan shaxslarni ish bilan ta`minlash maqsadida ularga mos ish o`rinlari o`rganib chiqilgan.  

Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi axborot xizmatidan ma`lum qilishlaricha, nogironligi bo`lgan shaxslarga mo`ljallangan vakant lavozimlar uchun ochiq tanlov e`lon qilindi.  

Ijtimoiy himoya milliy agentligi, vazirlik va idoralar hamda korxona, tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan tanlovga oid ma`lumot agentlikning vakant lavozimlarga oid ochiq portaliga joylashtirildi.

Vakant lavozimga ariza yuborish uchun vacancy.argos.uz portaliga kirish, keyin "Kabinetga kirish" tugmasini bosish talab etiladi.

Keyingi qadamda  OneID tizimidan ro`yxatdan o`tish kerak. Bu tizimdan ro`yxatdan o`tganlar esa login va paroli orqali shaxsiy kabinetiga kiradi. 

Shundan so`ng asosiy sahifaga o`tib, "Vakansiya izlash" tugmasini bosish va "Nogironligi bo`lgan shaxslar uchun" bo`limiga o`tish zarur. Keyin vakant ish o`rnini tanlash hamda malaka talablari bilan tanishgandan so`ng "Ariza yuborish" tugmasini bosish lozim. 

Ariza holatini "Mening arizalarim" bo`limida kuzatib borish mumkin.

Nogironligi bo`lgan shaxslarga mo`ljallangan vakant lavozimlar uchun ochiq tanlovlar soddalashtirilgan tartibda tashkil etiladi.  

Bunda, tanlovning barcha bosqichlari ish beruvchi tashkilot tomonidan tashkil etiladi. Ushbu vakant lavozimlar uchun tanlovlarda test sinovi o`tkazilmaydi.

    Boshqa yangiliklar