Dunyoning eng boy milliarderlari ro`yxatida birinchi o`rinni Louis Vuitton, Fendi, Givenchy, Christian Dior, Hennessy, Dom Pérignon, Tiffany & Co kompaniyalariga egalik qiluvchi LVMH konglomerati rahbari, fransuz Bernar Arno egalladi. Bu haqda “Forbes” jurnali ma`lum qildi.
U qatorasiga ikkinchi yil shunday maqomga ega bo`lmoqda.
Forbes jurnali Arno boyligini 233 milliardga baholadi va bu o`tgan yilgi natijaga (211 milliard dollar) nisbatan 10 foizdan ko`proq o`sdi. 75 yoshli milliarderning asosiy boyligi LVMH aksiyalari hisoblanadi.
Ro`yxatda ikkinchi o`rinni, o`tgan yilgidek, Tesla va SpaceX rahbari Ilon Mask egalladi. Forbes uning boyligini 195 milliard dollarga baholagan. Tadbirkor o`tgan yilgi natijasini yaxshilagan (180 milliard dollar), biroq 219 milliard dollar boyligi bilan reytingda birinchi o`rinni egallagan 2019 yildagi ko`rsatkichga erisha olmagan. Mask Tesla aksiyalarining 21 foiziga egalik qiladi.
Kuchli uchlikni Amazon asoschisi Jeff Bezos yopdi. U o`tgan yilgi reytingga nisbatan o`z o`rnini o`zgartirmadi, lekin natijani sezilarli darajada yaxshiladi: uning kapitali bir yil oldingi 114 milliard dollarga nisbatan 194 milliard dollarga baholandi. Milliarder o`zi asos solgan IT gigantining 10 foiz aksiyalariga egalik qiladi.
Dunyoning eng badavlat tadbirkorlari o`ntaligiga Meta rahbari (Facebook, Instagram va WhatsApp egasi) Mark Sukerberg(4-o`rin, 77 milliard dollar), Oracle asoschisi Larri Ellison (5-o`rin, 141 milliard dollar), Berkshire Hathaway rahbari Uorren Baffet (6-o`rin, 133 milliard dollar), Microsoft asoschisi Bill Geyts (7-o`rin, 128 milliard dollar) va korporasiyaning sobiq bosh direktori Stiv Balmer (8-o`rin, 121 milliard dollar) kirdi. Hindistonlik tadbirkor, energetika, neft-kimyo, telekommunikasiya, chakana savdo va moliyaviy xizmatlar sohalarida faoliyat yurituvchi Reliance Industries rahbari Mukesh Ambani 116 milliard dollar boyligi bilan reytingda to`qqizinchi bo`ldi. Yuqori o`ntalikdan Google asoschisi Larri Peyj (10-o`rin, 114 milliard dollar) ham joy oldi.






