1

Diniy konfessiyalar, milliy madaniy markazlar hamda “Nuroniy” jamg`armasi rahbarlari fuqarolarga murojaat bilan chiqdi

Jamiyat 05.04.2024, 12:34
Diniy konfessiyalar, milliy madaniy markazlar hamda “Nuroniy” jamg`armasi rahbarlari fuqarolarga murojaat bilan chiqdi

O`zbekistonda yashayotgan diniy konfessiyalar, milliy madaniy markazlar hamda “Nuroniy” jamg`armasi rahbarlari barcha fuqarolarga murojaat bilan chiqdi:

O`zbekiston azaldan irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi va e`tiqodidan qat`i nazar, barcha insonlar uchun muqaddas zamin, Vatan bo`lib kelgan.

Yurtimiz fuqarolari e`tiqod qiladigan barcha dinlarda tabiatni muhofaza qilish ibodat darajasiga ko`tarilgani e`tiborga molik. Xususan, muqaddas Qur`oni karimda shunday marhamat qilinadi: “U sizlarni erdan paydo qildi va unga sizni obodligi uchun qo`ydi”. Alloh taolo ushbu oyati karimada er va uni o`rab turgan tabiatni asrab-avaylashga, undan oqilona foydalanishga buyuradi.

Shuningdek, xristianlikning muqaddas manbasi Bibliyada inson ilohiy ijodning guli va boshqa mavjudotlar uchun javobgar ekani ta`kidlansa, yahudiylik ta`limotidagi “yo`q qilinmaslik” tamoyili tabiat va tirik mavjudotlarga nisbatan shafqatsizlik, xususan, mevali daraxtlarni kesishni taqiqlaydi.

Buddist axloq kodeksida “odamlarga va boshqa mavjudotlarga zarar bermaslik” qayd etilgan. Hinduizm hamda bahoiy ta`limotida ham tabiatni muhofaza qilishga qat`iy chaqiriladi.

Aziz vatandoshlar!

So`nggi yillarda jahonda kuzatilayotgan iqlim o`zgarishi bilan bog`liq global muammolar, afsuski, yurtimizni ham chetlab o`tayotgani yo`q. Ro`y berayotgan chang-to`zonlar, havoning ifloslanishi, shuningdek, yog`ingarchilik me`yorlarining buzilishi so`zimiz tasdig`idir. Bu har bir aqli raso kishini befarq qoldirmasligi lozim.

Kuni kecha Prezidentimiz raisligida o`tkazilgan “Yashil makon” loyihasi doirasida bahorgi ekish mavsumini tashkil qilish, chiqindilar bilan ishlash tizimini takomillashtirish yuzasidan videoselektor yig`ilishida ushbu dolzarb masalaga alohida to`xtalib, daraxt ekishni ommalashtirish, umummilliy harakatga aylantirish, ushbu tashabbusga chin dildan yondashish lozimligi ta`kidlandi.

Bu yil bahorda “Yashil makon” loyihasi doirasida 125 million tup ko`chat ekish belgilandi. Ekologiya vazirligiga “Mening bog`im” loyihasini ishga tushirish topshirildi.

Ushbu maqsadda byudjetda nazarda tutilgan 50 milliard so`m ajratiladi. Joylarda 444 ta yashil bog` va 160 ta jamoat parkini tashkil qilishga ko`rsatma berildi.

Prezidentimizning jonkuyarlik bilan aytgan so`zlari hayotiy asosga ega. Chunki so`nggi paytlarda aholi orasida atrof-muhitga bepisand, loqayd qarash hollari kuzatilmoqda.

Bunday holatlar tobora ko`payishi natijasida global ekologik muammolar yuzaga kelmoqda.

Hurmatli yurtdoshlar!

Barcha din va milliy madaniyatlar insonlarni doimo poklik va ozodalikka chaqiradi. Avvalo qalbdan boshlangan poklik ruhu tanimizni, yashab turgan Vatanimizni ozoda saqlashga chorlaydi. Zero, hadisi shariflarda keltirilishicha, “poklik imonning yarmidir”.

Ko`rinib turganidek, atrof-muhit pokligi qalb pokligi bilan bevosita uyg`un.

Xonadonlarimiz, xususan, ko`p qavatli uylarning atrofi, ariqlar, ko`chalar, qabriston va uning atrofini hashar yo`li bilan tozalashdek go`zal odat qadimdan xalqimiz orasida urf bo`lib kelgan. Ammo taassufki, so`nggi paytlarda yurtdoshlarimiz bu qadriyatlardan uzoqlashayotgandek go`yo.

Shu bois, davlatimiz rahbari bu masalaga mahalla faollari, nuroniylar, ulamolar, milliy madaniy markazlar vakillari, ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilikni e`tibor qaratishga da`vat etib, barchaning zimmasidagi muhim vazifani shunday bayon etdilar: “Albatta, bunday muammolarni faqat ma`muriy yo`l bilan hal etib bo`lmaydi. Bunga yosh avlod qalbida ona tabiatga daxldorlik hissini tarbiyalash orqali erishish mumkin. Mahallada, ko`chalarda chiqindi tashlagan kishini ko`rganda “bu ishingiz noto`g`ri bo`ldi”, deydigan muhitni shakllantirishimiz, odamlarni bunga o`rgatishimiz kerak. Bu – hammamizning ishimiz va insoniy burchimizdir".

Ota-bobolarimiz og`ishmay amal qilib kelgan ushbu hikmatga, avvalo o`zimiz rioya qilishimiz, qolaversa, o`sib kelayotgan yosh avlodga go`zal tarzda o`rgatishimiz kerak.

Zero, atrof-muhitni pokiza saqlash ham bugungi kunning dolzarb masalalaridan hisoblanadi.

Ming afsuski, ba`zi joylarda chiqindilarni suvga oqizish, yo`l chetlarida qoldirish holatlari uchrab turibdi.

Ayniqsa, oqar suv – kanallar, arig`u anhorlarga chiqindilarning ataylab oqizilayotgani juda achinarli. Ilohiy manbalarning ta`lim berishicha, qurg`oqchilikning ko`payishi, dehqonchilikdan qut-barakaning ko`tarilishi, turli kasalliklarning tarqalishi hamda o`t, suv balosi kabi tabiiy ofatlar insonlarning qilmishlariga yarasha ogohlantirish hisoblanadi.

Ulug` allomalar asarlarida, buyuk tarixiy shaxslarning hikmatlarida atrof-muhitga oid qator masalalar bayon etilgan. Jumladan, Abu Ali ibn Sino “Tib qonunlari” asarida atrof-muhitning inson salomatligi va ruhiyatiga ta`sirini ochib bergan.

Amir Temur bo`z erlarni o`zlashtirgan kishilar yoki bog` barpo qilganlarni rag`batlantirgan. Alisher Navoiy esa tabiatga xiyonatni do`stga xiyonat qilishga qiyos qilgan.

Muhtaram yurtdoshlar!

Imonli kishi tabiatga ozor bermaydi. Balki uni obod qilish, ko`kalamzorlashtirish payida bo`ladi. Ko`chat ekish haqida gap ketarkan, uning ahamiyatini Imom Buxoriy bobomiz rivoyat qilgan kuyidagi Hadisi sharifdan bilib olamiz: “Agar Qiyomat qoim bo`lsa-yu, qay biringizni ko`lida bir dona xurmo ko`chati bo`lsa, Qiyomat qoim bo`lguncha uni ekishga qodir bo`lsa, uni ekib qo`ysin”.

Haqiqatda, Yaratganning nazdida obod qiluvchilar qatorida bo`lish eng afzal ishlardandir.

Shu bois, shu aziz yurtning har bir fuqarosi “Yashil makon” umummilliy tadbiri doirasida o`zi yashab turgan shaharu qishlog`ini, mahallasini obod qilishda faol bo`lishi lozim. Bu ikki karra yutuqdirki, ham yurtimiz obod bo`lib, shaharu qishloqlarimiz qiyofasi ko`rkamlashadi, ham bunday xayrli ishlarimizning savobi sadaqai joriya sifatida amal daftarimizga yoziladi.

Ushbu yaxshi maqsadlarga erishish din va e`tiqoddan qat`i nazar, barcha fuqarolardan kuchlarni birlashtirishni talab qiladi.

Shunga asoslanib, biz, O`zbekistonda yashayotgan diniy konfessiyalar, milliy madaniy markazlar hamda “Nuroniy” jamg`armasi rahbarlari barcha vatandoshlarimizga bir ovozdan murojaat etamiz:

- jannatmonand O`zbekiston tabiatini asrang, uylarimiz, ko`chalarimiz, mahallalarimiz, qishloq va shaharlarimiz tozaligiga hissa qo`shing va "Dolzarb o`n kunlik” tadbirlarida faol bo`ling;

- davlatimiz rahbari tomonidan e`lon qilingan “Yangi O`zbekiston – yashil makonda birga yashaylik!” umummilliy loyihasi doirasida obodonlashtirish va ko`kalamzorlashtirish tashabbuslarini qo`llab-quvvatlang;

- yaratilayotgan keng imkoniyatlardan foydalangan holda muborak Haj safariga otlanayotgan 15 ming nafar vatandoshlarimiz “Obod xonadon – obod ko`cha – obod mahalla” tamoyili asosida ishlarni tashkil etishda mahalladoshlarga o`rnak bo`ling. Sizlarning bu boradagi sa`y-harakatlaringiz boshqalarga ibrat bo`lib xizmat qiladi;

- ezgu an`analarimizga hamohang tarzda har bir xonadonda farzandlar ota-onalariga, ota-onalar farzandiga atab daraxt ko`chatlari ekishi va o`stirishi tashabbusini ilgari suramiz;

- hayotiy tajriba, duo va tilaklari xalqimiz uchun hamisha katta tayanch bo`lib kelgan 3 million nafardan ortiq nuroniylardan aholi tomonidan ko`chatlarni sifatli ekishni tashkillashtirishda yoshlarga namuna o`laroq yanada faollik va tashabbus kutib qolamiz;

- daraxt ekish, gulu rayhon o`stirish va ularni parvarishlashni ezgu qadriyatga aylantiraylik! Muqaddas an`analarimiz qatorida farzandlarimiz qalbiga singdiraylik!

Yaratgan Parvardigor barchamizni poklikka intiluvchi, bilganlariga amal qiluvchi, jismu imoni, uy-joyi – Vatanini toza tutuvchi, bog`u rog`lar o`stiruvchi va Er yuzini obod qiluvchilardan qilsin.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1