1

Toshkent viloyatida sinfdoshiga nisbatan bullying uyushtirib, kaltaklagan qizlarga chora ko`rildi

Jamiyat 05.04.2024, 15:33
Toshkent viloyatida sinfdoshiga nisbatan bullying uyushtirib, kaltaklagan qizlarga chora ko`rildi

Toshkent viloyati Bo`stonliq tumanidagi maktablardan birida sinfdoshiga nisbatan bulling uyushtirgan, uni kaltaklagan qizlarning ota-onalari javobgarlikka tortildi. Bu haqda Bolalar ombudsmani matbuot xizmati xabar qildi.

Tumanda yashovchi, 2010 yilda tug`ilgan E.O. ismli qiz Bolalar ombudsmanining shaxsiy qabuliga 3 aprel kuni murojaat qilib, sinfdoshlari tomonidan muttasil tazyiq va bullingga uchrayotgani, bu holatga maktab ma`muriyati ham, boshqa mas`ullar ham e`tiborsiz ekanini bildirgan.

Bolalar ombudsmani so`rovi asosida Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligi va Ichki ishlar organlari mazkur holatni o`rgangan. 

Bo`stonliq tumani MMT bo`limi o`rganishi davomida 2024 yilning 18 mart kuni informatika darsida E.O, S.M., M.K., K.V. (barchasi qizlar) o`zaro gap talashib qolishgani, dars mashg`ulotlari tugaganidan so`ng nizoni hal qilishni kelishib, dars tugaganidan keyin maktab sinf xonasida yig`ilib o`zaro janjallashgani va 3 nafar qiz birgalikda E.O.ni urishgani, uni turli haqoratli so`zlar bilan kamsitishgani ma`lum bo`ldi.

Bo`stonliq tumani “Markaziy” MFY profilaktika inspektori tomonidan bolalar o`rtasidagi bu holat bo`yicha tergovga qadar tekshiruv olib borilib, voyaga etmagan o`quvchi qizlar E.O. va K.V. ga sud tibbiyot ekspertizasi tayinlangan va ularning engil tan jarohati olganliklari aniqlangan.

Mazkur bulling holati yuzasidan K.V., S.M., M.K. larning ota-onalari Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 47-moddasi 1- qismi (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta`lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik / bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima) asosida ma`muriy javobgarlikka tortildi. Qizlar bilan maxsus psixologik korresion ish olib borish uchun psixolog biriktirildi.

Maktab rahbariyati va inspektor-psixolog bolalar o`rtasida bu kabi bulling holatlariga yo`l qo`ymaslik bo`yicha tegishlicha ogohlantirildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1