Sog`liqni saqlash vazirligining tegishli buyrug`i bilan vazirlik huzuridagi Farmasevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori Nartaev Agzam Orumbaevich boshqa ishga o`tishi munosabati bilan egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Uning o`rniga Temirov Alisher Smatillaevich Farmasevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.
A. Temirov 2009 yil Toshkent farmasevtika institutini tamomlagan.
Turli yillarda Sog`liqni saqlash vazirligining Dori vositalari va tibbiy texnika sifatini nazorat qilish bosh boshqarmasi Yangi tibbiy texnika qo`mitasi raisi, Dori vositalar, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi bo`lim boshlig`i, Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligi direktori o`rinbosari, Farmasevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori o`rinbosari kabi mas`ul lavozimlarda ishlagan.
Shuningdek, A. Temirov rahbar kadrlarni tayyorlash dasturi doirasida Germaniya davlatida stajirovka o`tagan. Uning bevosita ishtiroki bilan O`zbekiston Evropa va AQSh farmokopeyalarida kuzatuvchi maqomini hamda O`zbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasini yaratishda ularning matnlarini nusxalashtirish va uyg`unlashtirish huquqini olgan.
U tayinlovga qadar, Sog`liqni saqlash vazirligining Farmasevtika sohasini tartibga solish va dori vositalari ehtiyojlarini aniqlash bo`limi boshlig`i vazifasini bajaruvchi sifatida faoliyat ko`rsatib kelayotgan edi.






