1

O`zbekistonda endi xorijga ketayotgan migrantlarning xarajatlari qisman qoplanadi

Jamiyat 06.04.2024, 23:11
O`zbekistonda endi xorijga ketayotgan migrantlarning xarajatlari qisman qoplanadi

O`zbekistonda endi xorijga ketayotgan migrantlarning xarajatlari qisman qoplanadi. Bg haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi xabar berdi.

Ma`lum qilinishicha, O`zbekistonda har yili o`rta va o`rta maxsus, kasb-hunar muassasalarini qariyb 650 ming nafar yosh bitiradi. Ularning chorak qismi oliy o`quv yurtlariga qabul qilinsa, qolgani mustaqil ravishda, jumladan, xorijdan ish qidira boshlaydi. Ushbu talabni qondirish maqsadida O`zbekiston iqtisodiyotida yiliga o`rtacha 300 mingdan ortiq yangi ish o`rni yaratilmoqda.

Tadqiqotlardan ma`lum bo`lishicha, O`zbekistondan boshqa davlatlarga ish izlab chiqayotgan migrantlarning 43 foizdan ortig`ini o`rta ma`lumotli, qariyb 29 foizini tugallanmagan o`rta ma`lumotlilar tashkil qiladi. Ularning aksariyati xorijda o`z huquq va qonuniy manfaatlarini to`la himoya qila olmaydi.

Qayd etilishicha, xorijda ishlayotgan mehnat migrantlari bilan muloqot o`rnatildi. Ularning muammo va ehtiyojlarini o`rganish va hal qilish bo`yicha yangi tizim joriy etildi. Oxirgi ikki yilda Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi tomonidan 70 ming kishi rivojlangan davlatlarga yuborilgan. Lekin ayrim odamlar malaka talab qilmaydigan o`lkalarga o`zlari ham mustaqil ravishda ketyapti. Ularning mehnat va yashash sharoitlari, kasbi, daromadi turlicha.

Bugungi kunda 28 ta davlatning 300 ga yaqin ish beruvchi va rekruting agentliklari bilan O`zbekistondan ishchi kuchini jalb qilish bo`yicha hamkorlik shartnomasi imzolangan. Hozir 16 ta davlat, shu jumladan, 10 ta iqtisodiy rivojlangan davlat ish beruvchilarida O`zbekiston fuqarolarini ishga joylashtirish uchun 160 mingta ish o`rinlari aniqlandi. Birgina Evropa davlatlari bilan hamkorlikda 100 mingdan ortiq ish o`rinlariga yurtdoshlarni jalb qilish bo`yicha 30 dan ortiq loyiha amalga oshirilmoqda.

Misol uchun, Germaniyaning 23 ta ish beruvchi va rekruting agentligi bilan 60 mingga yaqin yurtdoshlar tibbiyot, haydovchilik, ishlab chiqarish, xizmat ko`rsatish sohalariga to`g`ridan to`g`ri va Ausbildung (dual ta`lim) asosida ishga jalb qilinmoqda. Ularga o`rtacha 2,1 ming dollar ish haqi taklif qilinyapti.

Bu yil boshida esa Angliyada elektromexanik, qassoblik va qishloq xo`jaligidagi mavsumiy ishlarga 7,5 ming ish o`rni aniqlangan edi. Bugungi kunda yana tibbiyot yo`nalishida 10 mingta ish o`rniga talabnoma olindi. Litva, Latviya, Polsha, Bolgariya, Finlyandiya va boshqa Evropa davlatlariga ham 27 mingdan ortiq fuqarolarni yuk mashina haydovchiligi, ishlab chiqarish, qurilish va xizmat ko`rsatish sohalariga ishga yuborish bo`yicha loyihalar amalga oshirilyapti.

Shuningdek, bu yil ilk marotaba Koreyaga ishlab chiqarish, xizmat ko`rsatish, qishloq xo`jaligi va qurilish sohasiga 15,5 ming ish o`ringa kvota olindi. Koreyada oylik ish haqi o`rtacha 2,5 ming dollarni tashkil qiladi. Kanada qurilish sohasida esa 5 mingta ish o`rniga buyurtma berdi, soatiga 12 dollardan 30 dollargacha maosh to`lamoqchi. 2023-yilda 38,4 ming fuqaro xorijda ishga joylashtirilgan bo`lsa, 2024- yilning birinchi choragida bu ko`rsatkich 20,9 ming nafarni tashkil etdi. 

Xorijda taklif etilayotgan ish o`rinlarining aksariyatiga qisqa muddatda (o`rtacha 1-12 oy) ishchi kuchi etkazib berish talab etilmoqda. Shu sababli hozirda ikkita yo`nalishda ishlar tashkil etilgan. Birinchi yo`nalish — qisqa muddatda to`ldirilishi talab etiladigan ish o`rinlari “Xorijga ish — mahalladan” tamoyilida individual ishlagan holda, ish beruvchilar talabiga mos keladigan kasbiy malaka va chet tilini bilish darajasiga ega nomzodlarni tezkor topish orqali to`ldiriladi.

Buning uchun “labor-migration” dasturi “online-mahalla” axborot tizimiga integrasiya qilinib, bo`sh ish o`rinlari bo`yicha ma`lumotlar va ish beruvchi talablarini to`liq aks ettirgan holda, muntazam yangilab borish tizimi joriy qilindi.

Ikkinchi yo`nalishda xorijda aniqlangan ish o`rinlarida ishlash istagida bo`lgan, lekin kasbiy malaka yoki chet tilni bilmaydigan fuqarolar aniqlanadi va ular o`qishga jalb qilinib, ish beruvchi talabiga mos ravishda maqsadli tayyorlanadi. Buning uchun 32 ta monomarkaz, 53 ta kasb-hunar o`qitish va 13 ta qurilish sohasi malakali mutaxassislarini tayyorlash markazi, 10 ta xorijiy tashkilot bilan hamkorlikda respublikada 48 ta kurslar faoliyati yo`lga qo`yildi.

Evropa davlatlarida yuk avtomobili haydovchilar uchun aniqlangan 13 mingga yaqin ish o`rnini to`ldirish uchun “Vatanparvar” tashkiloti bilan hamkorlik yo`lga qo`yildi. Hozir ming nafarga yaqin fuqarolar ushbu tashkilot kurslarida o`qitilmoqda. Shunga qaramay xorijda aniqlangan ish o`rinlariga nomzodlar etishmayapti. Shu sababli joriy yil 2-aprel kuni bo`lib o`tgan yig`ilishda prezident tomonidan bu yo`nalishdagi ishlarni tashkil etishda yangicha tizim yaratilishi bo`yicha aniq vazifalar belgilab berildi.

Unga ko`ra, 27 ta professional ta`lim muassasasida yangi o`quv kurslari yo`lga qo`yiladi. Unda xorijda ishlash istagi bo`lgan fuqarolar 1 yilgacha muddatda to`lov-kontrakt asosida tayyorlanadi. Xorijda ishlash istagi bo`lgan fuqarolarni chet tiliga o`qitishda xususiy o`quv markazlari bilan hamkorlik qilinadi.

Chet elda mehnat faoliyatini olib borayotgan fuqarolarimiz turli muammolarga duch kelib qolgan paytlarda qaerga murojaat qilishni, kimdan yordam olishni bilmasdi. Bunday masalalarni tezkorlik bilan hal qilish uchun elchixonalar va tegishli vazirliklarda 24 soat ishlaydigan Call-markazlar tashkil etildi. Ushbu tizim orqali yurtdoshlar o`zlarini o`ylantirayotgan barcha masalalarga tezkorlik bilan javob olish imkoniyatiga ega bo`ladi.

Bundan buyon migrantlarning ishchi viza, yo`l chiptasi, xorijiy til va kasb bo`yicha malakani baholatish xarajatlari qisman qoplanadi. Chet tili bo`yicha xalqaro yoki unga tenglashtirilgan sertifikat olgan fuqaroga esa til o`rganish uchun sarflagan xarajatining 50 foizi qoplab beriladi. Endilikda mehnat migrasiyasidan qaytganlarni ishga olgan korxonaga har bir xodim uchun bir yil davomida Bandlikka ko`maklashish jamg`armasidan oyiga 500 ming so`m subsidiya beriladigan bo`ldi. Ushbu tadbirlarga bu yil uchun 100 milliard so`m ajratiladi.

#migrant  #chet el    #mehnat   #migrasiya   #subsidiya 

 

 

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1