AsosiyJamiyat

Gaz ballon o`rnatilgan 300 tadan ortiq avtobus texnik sinovdan o`tkazilmagan holda odam tashib yurgani ma`lum bo`ldi

'Gaz ballon o`rnatilgan 300 tadan ortiq avtobus texnik sinovdan o`tkazilmagan holda odam tashib yurgani ma`lum bo`ldi'ning rasmi

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo`mitasi raisi Qutbitdin Burxonov 300 dan ortiq avtobusning texnik holati yuzasidan O`zbekiston bosh vazirining o`rinbosari Achilbay Ramatovga senator so`rovini yubordi. Bu haqda Senat xabar qildi.

Jumladan, Vazirlar Mahkamasining yuqorida qayd etilgan qaroriga muvofiq “JV MAN Auto-Uzbekistan” MChJ qo`shma korxonasida ishlab chiqarilgan “MAN A 22 CNG” rusumli avtobuslarga istisno tariqasida STG-3 rusumidagi gaz ballonlarini o`rnatish va ulardan foydalanishga ruxsat berilgan.

Shuningdek, ushbu qarorda “O`zavtosanoat” AJ qoshida zamonaviy yuqori texnologiyali sinov laboratoriyasini tashkil etish, keyinchalik ularni zarur uskunalar bilan jihozlash va STG-3 (LNG-3) rusumidagi gaz ballonlarini sinovdan o`tkazish bo`yicha mutaxassislar tayyorlash, Texnik jihatdan tartibga solish agentligidan akkreditasiyadan o`tkazish belgilangan.

“Hukumat qarorining ushbu talablari shu kunga qadar ijro etilmadi. Oqibatda STG-3 rusumidagi ballonlar bilan jihozlangan “JV MAN Auto-Uzbekistan” MChJ qo`shma korxonasida ishlab chiqarilgan 300 dan ortiq avtobusda 2018 yildan beri texnik sinovdan o`tkazilmagan holda yo`lovchi tashilmoqda. Bu esa minglab, balki millionlab fuqarolarning hayoti va sog`lig`iga real xavf tug`dirmoqda. Mamlakatimizning turli hududlarida avtobus va boshqa transport vositalariga o`rnatilgan gaz ballonlarining portlashi bilan bog`liq sodir bo`layotgan holatlar bunga yaqqol misoldir”,–deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 25 yanvardagi 28-son qaroriga muvofiq Xitoyda ishlab chiqarilgan STG-3 rusumli gaz ballonlari bilan jihozlangan avtobuslar istisno tariqasida xarid qilinishiga ruxsat berilgan va bugungi kunda mamlakatimiz ko`chalarida ushbu avtobuslar aholiga xizmat ko`rsatmoqda.

Avtobuslarda inson salomatligi va hayoti bilan bog`liq baxtsiz hodisalarning oldini olish hamda yuqorida qayd etilgan avtobuslarga o`rnatilgan STG-3 rusumli gaz ballonlarini ham texnik sinovdan o`tkazish lozimligini inobatga olib, Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo`mitasi raisi Qutbitdin Burxonov O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari A.Ramatovga senator so`rovini yubordi.

Senator so`rovida Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 oktyabrdagi 815-sonli qarorida belgilangan yuqori texnologiyali sinov laboratoriyasini tashkil etish va STG-3 (LNG-3) rusumidagi gaz ballonlarini sinovdan o`tkazish bo`yicha mutaxassislar tayyorlash, shuningdek, Texnik jihatdan tartibga solish agentligidan akkreditasiyadan o`tkazish bo`yicha vazifaning ijrosi nima uchun ta`minlanmagani hamda mazkur laboratoriyalarni tashkil qilish bo`yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan tushuntirish berish so`ralgan.

Qayd etish joiz, yuborilgan senator so`rovining javobini Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo`mitasi majlisida muhokama qilish rejalashtirilgan.

#Senat raisi    #bosh vazirining o`rinbosari    #avtobuslar     #gaz ballon 

    Boshqa yangiliklar