Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Yunusobod tumanida 16 aprelga o`tar kechasi bir guruh niqobli shaxslar tomonidan daraxtlar davlat raqami bo`lmagan ekskavator yordamida qo`porib olinayotgani tasvirlangan videoxabar tarqalgan edi.
Videoda bir ayol va erkak noma`lum shaxslarga gapirgani, tasvirga olish boshlanganidan so`ng esa mazkur shaxslarning qochib ketganini ko`rish mumkin. Holat yuzasidan Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Yunusobod tumanining Mingchinor mahallasi hududidagi ko`p qavatli 16-uyning orqa qismida 1 tup safora daraxti ildiz qismi bilan olib tashlangan. Shundan so`ng tegishli soha mutaxassislari hamda tuman ekologiya bo`limi mas`ullari tomonidan daraxtga agrotexnik qoidalarga asoslangan holda ishlov berilgan. Biologik o`g`itlar bilan to`yintirilgan tuproq qoplamasi yotqizilgan holda o`z o`rniga qayta ekilgan.
“Ushbu qonunbuzilishi holatini sodir etgan huquqbuzarlarning shaxsiga aniqlik kiritish va ularga nisbatan qonunda belgilangan tartibda qat`iy choralar ko`rish maqsadida huquq-tartibot organlari tomonodan tegishli tartibda ishlar olib borilmoqda”, – deyiladi xabarda.