1

Mahkumlarga masofali videouchrashuvdan foydalanish huquqi berilishi mumkin

Jamiyat 20.04.2024, 12:51
Mahkumlarga masofali videouchrashuvdan foydalanish huquqi berilishi mumkin

IIV Jinoyat kodeksga ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga ularning yaqinlari bilan suhbatlashishga doir o`zgartirishlar kiritilishi to`g`risidagi qonun loyihasini muhokamaga qo`ydi.

Ichki ishlar vazirligining “Jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o`tayotgan mahkumlarning videouchrashuv orqali onlayn uchrashish imkoniyatlari takomillashtirilayotgani munosabati bilan Jinoyat-ijroiya kodeksiga o`zgartirishlar kiritish to`g`risida”gi qonun loyihasi muhokamaga qo`yildi. 

Qonun bilan quyidagilar belgilanmoqda:

— Jazoni ijro etish muassasalari xususiyatini inobatga olgan holda ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarning masofali videouchrashuvga bo`lgan huquqini ta`minlash;

— Jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o`tayotgan shaxslarning oila va jamiyatdan uzilib qolishi oldini olish, ularning qonunga itoatkor xulq-atvorini rag`batlantirish orqali kelgusida qayta jinoyat sodir etilishini keskin kamaytirish;

— Jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o`tayotgan mahkumlarning huquqlarini xalqaro normalarga muvofiqlashtirish.

Qayd etilishicha, umumiy, qattiq, maxsus tartibli koloniyalarda, tarbiya koloniyalarida, turmalarda va mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxonalarda jazoni o`tayotgan mahkumlarning masofali videouchrashuvlari yoki telefon orqali so`zlashuvlari muassasa ma`muriyati nazorati ostida o`tkaziladi hamda ularning haqi mahkumning shaxsiy hisobvarag`idan to`lanadi.

Masofali videouchrashuv yoki telefon orqali so`zlashuvlar miqdori jazoni ijro etish muassasasining tartib turiga hamda mahkum saqlanayotgan sharoitga qarab belgilanadi. Mahkumning iltimosiga ko`ra, mahkum jazoni ijro etish muassasasiga etib kelgandan keyin, shuningdek alohida hollarda unga qo`shimcha ravishda masofali videouchrashuv yoki telefon orqali so`zlashuvga ruxsat etilishi mumkin.

Intizomiy bo`linmalarda saqlanayotgan mahkumlarga faqat alohida hollarda masofali videouchrashuv yoki telefon orqali so`zlashuvga ruxsat etilishi mumkin.

Ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan mahkumlarning masofali videouchrashuv yoki telefon orqali o`zaro so`zlashuvlari taqiqlanadi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1