1

Dunyoda virusli gepatit bilan kuniga 6 ming nafardan ortiq inson kasallanadi

Jamiyat 21.04.2024, 13:24
Dunyoda virusli gepatit bilan kuniga 6 ming nafardan ortiq inson kasallanadi

Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining 2024 yilgi Gepatit bo`yicha global hisobotiga ko`ra, ushbu kasallik qurbonlari soni doimiy ravishda o`sib bormoqda. Gepatit yuqumli kasalliklar orasida o`lim holatlari soni bo`yicha dunyoda ikkinchi o`rinda turadi va yiliga 1,3 million inson shu xastalikdan ko`z yumadi, bu ko`rsatkich sil kasalligidan o`lim holatlari bilan bir xil. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda. 

 Butunjahon gepatit sammitida taqdim etilgan ushbu hisobotda diagnostika va davolashning yaxshilanishi, tibbiy mahsulotlarning arzonlashganiga qaramay, kasallikni test qilish va davolash qamrovi ortmayotgani ta`kidlangan. Ammo, agar hozirdan tezkor choralar ko`rilsa, JSSTning 2030 yilgacha gepatitni yo`q qilish maqsadiga erishish mumkin bo`ladi.

187 mamlakatdan olingan yangi ma`lumotlar shuni ko`rsatadiki, virusli gepatitdan o`limning taxminiy soni 2019 yildagi 1,1 milliondan 2022 yilda 1,3 millionga ko`paygan, ularning 83 foiziga gepatit V va 17 foiziga gepatit S sabab bo`lgan. Dunyo bo`ylab har kuni V va S gepatitlaridan 3500 nafar kishi vafot etadi.

“Ushbu hisobot xavotirli manzarani aks ettiradi: gepatit infeksiyalarining oldini olish bo`yicha global yutuqlarga qaramay, ulardan o`lim holatlari ko`paymoqda, chunki gepatit bilan kasallangan juda kam odamlar tashxisdan o`tadi va davolanadi, — dedi JSST Bosh direktori Tedros Gebreyesus. — Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti bu tendensiyani bartaraf etish va hayotni saqlab qolish uchun mamlakatlarda mavjud bo`lgan arzon narxlardagi barcha vositalardan foydalanishni qo`llab-quvvatlashga intilmoqda”.

JSSTning yangilangan hisob-kitoblariga ko`ra, 2022 yilda gepatit V bilan kasallanganlar 254 million va gepatit S dan aziyat chekkuvchilar esa 50 million nafarni tashkil qiladi. Gepatit V va S surunkali infeksiyalari bilan kasallanganlarning yarmini 30-54 yoshdagi odamlar, 12 foizini esa 18 yoshgacha bo`lganlar tashkil qiladi. Xastalanganlarning 58 foizi erkaklar.

 Kasallik tarqalishining yangi hisob-kitoblari 2019 yilga nisbatan uning biroz pasayganligini ko`rsatmoqda, ammo virusli gepatitning umumiy tarqalishi yuqoriligicha qolmoqda. 2019 yilda 2,5 million, 2022 yilda 2,2 million yangi zararlanish holatlari qayd etilgan.

 Jumladan, 1,2 million gepatit V bilan va deyarli 1 million gepatit S bilan yangi zararlanish holatlari aniqlangan. Har kuni 6 ming nafardan ortiq inson virusli gepatit bilan kasallanadi.

 Qayta ko`rib chiqilgan hisob-kitoblar kasallik tarqalishi bo`yicha milliy tadqiqotlarning kengaytirilgan ma`lumotlari asosida olingan. Ular, shuningdek, emlash va xavfsiz in`eksiya kabi profilaktika choralari hamda S gepatitini davolash ko`lamining kengayishi kasallanishning pasayishiga xizmat qilganini ko`rsatadi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1