O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya Milliy agentligi tashabbusi bilan Qozog`istonning “Ana Uyі” jamoat fondi hamkorligida Toshkentda “Ona uyi” ijtimoiy markazi ochiladi. Bu haqda Agentlik matbuot xizmati xabar qildi.
Ma`lum qilinishicha, Ijtimoiy himoya Milliy agentligi va “Ana Yyі” ijtimoiy loyihasi o`rtasida o`zaro hamkorlik to`g`risida Memorandum imzolandi.
Hamkorlikning maqsadi qo`shma loyihalarni amalga oshirishg`, ijtimoiy va ikkilamchi etimlikning oldini olishdagi tajriba va metodologik ko`nikmalar almashishga qaratilgan uzoq muddatli hamkorlikni yo`lga qo`yishdan iborat.
Birinchi “Ona Uyi” ijtimoiy markazi 8-10 nafar yosh bolali ayolni qabul qilishi mumkin. Ikkinchi bosqichda Ona uyi natijalari asosida hamda O`zbekistonning ma`lum bir mintaqasi ehtiyojlariga qarab loyihani mamlakat bo`ylab kengaytirish belgilangan.
Ona Uyi markazi qiyin ijtimoiy vaziyat va turli salbiy holatlarda onalarga bolalarini o`zlari tarbiyalash imkoniyatini berish orqali yordam beradi. Bu erda ularga ma`naviy, psixologik va moddiy yordam ko`rsatiladi hamda ushbu yordam barcha zarur narsalar, xususan, uy-joy, oziq-ovqat, kiyim-kechak, shuningdek, ayol va bola uchun tibbiy yordamni o`z ichiga oladi.
Shu bilan birgalikda, Ona Uyi loyihasi doirasida markazda yashovchi onalarni kasbiy tayyorlash dasturi amalga oshiriladi. Kelgusida Ona uylarida tikuvchilik ustaxonalarini ochish, onalarga turli mutaxassisliklar bo`yicha ta`lim berish rejalashtirilgan. Natijada, Ona Uyi markazida bo`lgan vaqt davomida ayollar ijtimoiylashishi, professional kasbga ega bo`lishi hamda o`zlari va farzandlarini ta`minlash maqsadida kelajak uchun mablag` topishlari mumkin.






