AsosiyJamiyat

Prezident Toshkent xalqaro investisiya forumiga tayyorgarlik bilan tanishdi

'Prezident Toshkent xalqaro investisiya forumiga tayyorgarlik bilan tanishdi'ning rasmi

Shavkat Mirziyoev 29 aprel kuni III Toshkent xalqaro investisiya forumiga tayyorgarlik bo`yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

2022 yilda o`tgan ilk forumga 56 mamlakatdan mingdan ziyod xorijiy mehmonlar kelgan bo`lsa, bu yil 84 ta davlatdan qariyb 2 ming 500 kishi qatnashishi kutilmoqda. Ular orasida hukumat vakillari, yirik kompaniyalar rahbarlari, BMT, ETTB, OPEK, ShHT kabi xalqaro tashkilotlardan yuqori martabali mehmonlar bor.

Shu bois, forumga puxta tayyorgarlik ko`rish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishi qabul qilindi. Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan tegishli vazirliklar bilan hamkorlikda barcha tashkiliy chora-tadbirlar ko`rildi.

Forum mamlakatimizning iqtisodiy imkoniyatlarini ko`rsatish hamda o`zaro manfaatli loyihalarni kelishish uchun qulay maydondir. Shu bois uning doirasidagi tadbirlar, muhokama qilinadigan masalalar ko`p. Jumladan, sho``ba majlislari, davra suhbatlari, taqdimotlar, hukumatlararo komissiya yig`ilishlari kabi 40 dan ortiq tadbirlar rejalashtirilgan. Shuningdek, yurtimizdagi qator loyihalarni ishga tushirish marosimi ko`zda tutilgan.

Davlatimiz rahbari forumni yuqori darajada tashkillashtirish, har bir tarmoq va hududning investisiyaviy salohiyatini to`la namoyon etish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.

3 may kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining ikkinchi yalpi majlisi ham o`tkaziladi.

Ma`lumki, ushbu kengash jahon tajribasi va amaliyotlariga tayangan holda, O`zbekiston hukumatiga mamlakatni investisiyaviy, sanoat-texnologik va innovasion rivojlantirishning eng muhim yo`nalishlari bo`yicha maslahatlar beradi. Bu galgi majlisda ham mamlakatimizda investisiya muhitini yaxshilash va istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga doir dolzarb masalalar ko`rib chiqiladi.

Boshqa yangiliklar