Narpay tumanida sof quyma oltin sotayotgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar qildi.
Departament hamda DXXning Samarqand viloyati boshqarmalari tomonidan Narpay tumanida o`tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar Sh.G`. va I.K. tarkibida tilla zarralari mavjud bo`lgan qumlarni noqonuniy ravishda qazib olib, qayta ishlash orqali tanga shakliga keltirilgan sof quyma oltinni fuqaro Z.I.ga 2 000 AQSh dollari va 180 mln so`mga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Ekspertiza xulosasiga ko`ra, ashyoviy dalil sifatida olingan moddaning og`irligi 143,9 grammni tashkil qilib, tarkibida 99,5 foiz sof oltin va 0,06 foiz kumush mavjudligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o`tkazish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.