3 may kuni Shavkat Mirziyoev Toshkent xalqaro investisiya forumi va Xorijiy investorlar kengashi majlisi doirasida Amerika-O`zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm boshchiligidagi delegasiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda Air Products, CNH Industrial va Silverleaf kompaniyalari rahbarlari ham ishtirok etdi.
Unda O`zbekiston-AQSh strategik sheriklik munosabatlarida «yuqori darajaga erishilgani» hamda palata O`zbekiston savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorligini rivojlantirishga salmoqli hissa qo`shayotgani ta`kidlandi.
Tomonlar o`zaro savdo va investisiyalar hajmi barqaror oshayotgani, energetika, qishloq xo`jaligi, mashinasozlik, oziq-ovqat sanoati va boshqa tarmoqlarda loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini qayd etdi.
Kerolin Lemm AQSh ishbilarmon doiralari nomidan O`zbekiston rahbariga «ikki mamlakat iqtisodiy hamkorligiga shaxsan e`tibor qaratayotgani va uni har tomonlama qo`llab-quvvatlayotgani uchun» samimiy minnatdorlik bildirdi.
Amerika tadbirkorlarining O`zbekistondagi faoliyatni kengaytirish, moliyaviy instrument va mexanizmlarni rivojlantirish borasidagi ilg`or tajribani joriy etish hamda turli tarmoqlarda loyihalarni amalga oshirish bo`yicha aniq rejalari muhokama qilindi.
2024 yilda Toshkent shahrida AQShning etakchi kompaniya va banklari ishtirokida biznes forumini o`tkazish yuzasidan kelishuvga erishildi.






