Prezident raisligida mahalliy sanoat tarmog`idagi ichki imkoniyatlarni safarbar etish orqali aholini ishli va daromadli qilish masalalari yuzasidan videoselektor yig`ilishi boshlandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Hozirda amalga oshirilayotgan yirik investisiya loyihalari bilan birga tez fursatda mahallada yuzlab ish o`rni va eksportbop mahsulot yaratadigan, yuqori daromad keltiradigan kichik va o`rta korxonalar kerakligi ta`kidlandi.
Bu borada eng katta zaxira mahalliy sanoat tarmoqlari hisoblanadi. Shu munosabat bilan uchta muhim soha – charm, gilam va pillachilik sanoatida hal qilinishi lozim bo`lgan muammolar bor.
Yig`ilishda ayrim vazir va hokimlar bu soha tadbirkorlarini eshitmayotgani, tayyor imkoniyatlardan to`g`ri foydalana olmayotgani ko`rsatib o`tildi.
O`tgan yili charmsanoatda ishlab chiqarish hajmi o`sib, qariyb 3 trillion so`mga etdi. Lekin, shuni yarmi Andijon va Farg`onaga to`g`ri keladi.
Respublikadagi jami terining 40 foizini beradigan Qoraqalpog`iston, Buxoro, Jizzax, Surxondaryo va Xorazmning charmsanoatdagi ulushi ularning imkoniyatiga mos emas.
Mahsulotiga bozor topish, aylanma mablag` masalalari sababli ayrim korxonalar o`tgan yilni zarar bilan yakunlagan. O`tgan yili charmsanoat eksportida tayyor mahsulot ulushi atigi 30 foiz bo`lgan.