BMT ma`lumotiga ko`ra, 60 dan ortiq davlatdan 43 mingdan ziyod insonlar “Iroq va Shom islom davlati” (IShID) va boshqa terrorchi guruhlar safiga qo`shilish uchun Suriya va Iroqqa yo`l olgan. 2019 yil IShID hududiy mag`lubiyatga uchragandan beri o`n minglab erkaklar, ayollar va bolalar hamon Suriya shimoli-sharqidagi gumanitar, xavfsizlik va inson huquqi bilan bog`liq vaziyat og`irligicha qolayotgan lager va qamoqxonalarda saqlanmoqda.
Xorijiy terrorchi jangchilarning xalqaro tinchlikka tahdidiga javoban, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi 2014 yil qabul qilgan 2178 va 2017 yil tasdiqlagan 2396-rezolyusiyalar bilan a`zo davlatlar, xalqaro huquqqa muvofiq, vatanga qaytgan yoki u davlatdan bu davlatga ko`chib o`tgan xorijiy terrorchi jangchilar va ularning oila a`zolarini qonuniy sudlov yo`li bilan ta`qib qilish, ularni reabilitasiya va reintegrasiya qilish bo`yicha aniq, keng qamrovli maxsus va kompleks strategiyalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishga chaqirildi.
Ushbu yo`nalishda, 2018 yilda Terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining murojaatlarini ko`rib chiqish bo`yicha Respublika idoralararo komissiyasi tuzildi.
2018 yil 1 noyabrdan terroristik, ekstremistik yoki boshqa ta`qiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan O`zbekiston Respublikasi fuqarolari Komissiya xulosasiga asosan jinoiy javobgarlikdan ozod etish tartibi joriy etildi.
Voyaga etmaganlar va yoshlar orasida ekstremizm va terrorizm g`oyalari tarqalishining oldini olish, uzoq muddat xorijda bo`lgan fuqarolarni ekstremizm va terrorizm g`oyalari ta`siridan himoya qilish, internet tarmog`idan ekstremistik va terrorchilik maqsadlarda foydalanishga qarshi kurashish 2021 – 2026 yillarga mo`ljallangan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasining ustuvor yo`nalishlari etib belgiladi.
Mazkur yo`nalishda normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqilishida Adliya vazirligi ham ishtirok etib, avvalo, har qanday vaziyatda ham O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish nuqtai nazaridan yondashilgan.
Bu borada jabr ko`rgan har bir fuqaroning kelgusi hayotida o`z o`rnini topishi hamda ularga barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratish maqsadida qonun hujjatlariga tegishli o`zgartirish va qo`shimchalar kiritilgan.
2019 yildan boshlab “Mehr” gumanitar operesiyasining 5 bosqichi tashkil etilib, ularning doirasida mamlakatimizning turli hududlaridan Suriya, Iroq, Afg`oniston va boshqa hududlarga chiqib ketib, jangovar harakatlarda ishtirok etgan 531 nafar ayollar va bolalar O`zbekistonga qaytarildi.
Repatriasiya qilingan shaxslar qaytib kelgach, birinchi navbatda, ayollar va bolalar reabilitasiyadan o`tkazildi, so`ngra ularning oilalari va jamoalariga tinch (qayta) integrasiyalashuviga ko`maklashish bo`yicha aniq choralar ko`rildi.
Mutaxassislarning fikricha, repatriantlarni reabilitasiya va reintegrasiya qilish mukammal jarayon hisoblanib, ushbu jarayonlarga bir qator soha vakillarini jalb etish zarur. Shuningdek, reabilitasiya va reintegrasiya doimiy ravishda halqaro va mintaqaviy tajriba almashishni talab qiladi.
Bu davlatlarining repatriasiya bo`yicha kelgusi sa`y-harakatlari, jumladan jinoiy javobgarlikka tortiladigan shaxslar bilan bog`liq murakkabroq holatlar inobatga olinganda juda muhim. Zero, ayni jarayonda tajriba almashish va halqaro va mintaqaviy ekspertlar faoliyatini muvofiqlashtirishni kuchaytirish ushbu yo`nalishdagi qadamlarni takomillashtirishga xizmat qiladi.
Ushbu holatlarni inobatga olgan holda, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Toshkentda bo`lib o`tgan yuqori darajadagi xalqaro konferensiya chog`ida BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi shafeligida Markaziy Osiyo mamlakatlari etakchi mutaxassislari ishtirokida mintaqaviy ekspertlar kengashi tashkil etishni taklif qilgan edi.
Kengashning asosiy vazifasi qurolli to`qnashuv hududlaridan qaytgan shaxslarni reabilitasiya qilish va reintegrasiyalash bo`yicha mintaqaviy va milliy dasturlarni takomillashtirish, shuningdek terrorizmga qarshi kurashish bo`yicha takliflar ishlab chiqishdan iborat bo`ladi.
Mazkur yo`nalishda Markaziy Osiyo mamlakatlarida amalga oshirilayotgan ishlar bo`yicha o`zaro tajriba almashish, ular o`rtasida samarali mintaqaviy hamkorlikni yo`lga qo`yish va milliy dasturlarni takomillashtirish maqsadida joriy yilning 14 may kuni Toshkent shahrida harbiy mojaro zonalaridan qaytgan shaxslarni reabilitasiya va reintegrasiya qilish bo`yicha Markaziy Osiyo Mintaqaviy ekspertlar Kengashining birinchi yig`ilishitashkillashtirilmoqda.
Tadbir davomida sog`liqni saqlash, ijtimoiy ta`minot va ta`lim sohalarida reabilitasiya va reintegrasiya masalalari bo`yicha fuqarolik jamiyati tashkilotlari yondashuvlari, Markaziy Osiyoda BMT Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish bo`yicha Qo`shma harakatlar rejasining amalga oshirilishi, reabilitasiya bo`yicha keng qamrovli va maqsadli dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, shuningdek fuqarolik jamiyatining repatriantlar reintegrasiyasidagi barqaror ishtirokini ta`minlash masalalari muhokama qilinadi.
BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasida taqdim etilgan va xorijiy hamkorlar tomonidan bir ovozdan qo`llab-quvvatlangan mazkur tashabbus mintaqaviy hamkorlikni institusionallashtirishning noyob tajribasini ifodalaydi va sohadagi qo`shma faoliyat samaradorligini oshirishga ko`maklashadi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar ishtirokida Mintaqaviy ekspertlar kengashining birinchi yig`ilishi o`tkazilayotgani O`zbekistonning ushbu yo`nalishdagi siyosati jahon hamjamiyati tomonidan e`tirof etilganidan dalolat beradi.
Xulosa qilib aytganda, O`zbekistonning qurolli mojaroli hududlardan o`z fuqarolarini repatriasiya qilish bo`yicha tajribasi xalqaro jamiyatga namuna sifatida terrorizm va tahdidlarga qarshi kurashishda inson huquqlarini ta`minlashning amaliy ifodasi bo`lib xizmat qiladi.
X.Meliev,
O`zbekiston Respublikasi,
adliya vaziri o`rinbosari






