O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 13 may kuni Hamkorlik bo`yicha O`zbekiston-Xitoy hukumatlararo qo`mitasining navbatdagi yig`ilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizda bo`lib turgan Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri o`rinbosari Lyu Gochjun boshchiligidagi delegasiyani qabul qildi.
Xitoy delegasiyasi rahbari O`zbekiston etakchisiga XXR Raisi Si Szinpin va Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syanning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini etkazdi.
Ko`p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish va barcha sharoitlarda strategik sheriklik munosabatlarini chuqurlashtirishning dolzarb masalalari ko`rib chiqildi. Joriy yil yanvar oyida Xitoyga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif yakunida erishilgan kelishuvlar ijrosining borishi tahlil qilindi.
Qo`mita faoliyati samarali natijalar berayotgani, tovar ayirboshlash va jalb etilayotgan investisiyalar hajmi barqaror oshayotgani, muntazam aviaqatnovlar soni ko`payib borayotgani, madaniy tadbirlar faol o`tkazilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Savdo ko`rsatkichlarida muvozanatni ta`minlash va mamlakatimiz mahsulotlarining Xitoy bozoriga kirishi uchun qulay sharoitlar yaratish, iqtisodiyotning strategik tarmoqlarida muhim investisiya loyihalarini jadallashtirish, hududlar kooperasiyasini kengaytirish, gumanitar, ta`lim va turizm dasturlarini amalga oshirish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.
Bundan tashqari, “Xitoy – Qirg`iziston - O`zbekiston” temir yo`lini qurish loyihasi bo`yicha ishlarning amaliy bosqichini tez fursatda boshlash bilan bog`liq jihatlar muhokama qilindi.






