Prezident Shavkat Mirziyoevga mamlakatimizda raqamli texnologiyalarni rivojlantirish, bu sohada yoshlarni va loyihalarni qo`llab-quvvatlash chora-tadbirlari bo`yicha axborot berildi.
Davlatimiz rahbari bu haqda o`tgan yili 20 dekabr kuni Raqamli texnologiyalar vazirligiga tashrifi chog`ida topshiriq bergan edi.
So`nggi yillarda bu soha juda tez rivojlanib, mutaxassislar va xizmatlar ko`payib bormoqda. Xususan, 2017 yilda yurtimizda IT kompaniyalar soni 147 ta bo`lgan bo`lsa, bugungi kunda 2 mingga yaqinlashdi. Ularda 30 ming xodim yuqori daromadli ish bilan band. 70 mingdan ziyod yoshlar IT bilan mustaqil shug`ullanayapti.
Joriy yilning o`tgan to`rt oyida sohadagi xizmatlar hajmi 20 foiz o`sdi, 200 million dollarlik eksport qilindi, 5 mingta ish o`rni yaratildi.
Lekin, hududlar kesimida qaraganda, IT xizmatlari va eksportining asosiy ulushi Toshkent shahriga to`g`ri keladi. Mutaxassislarning 80 foizi shu erda yashaydi.
Shu bois, bu sohani chekka hududlarda ham rivojlantirish maqsadida, IT-shaharchalar tashkil etish rejalashtirilgan.
Loyihaga ko`ra, bunday maskanlar dastlab 15 ta hududda – Chimboy, G`ijduvon, Zomin, Sharof Rashidov, Forish, Xatirchi, Pop, Shahrisabz, Qo`shrabot, Sariosiyo, Sirdaryo, Parkent, Toshloq va Tuproqqal`a tumanlari hamda Xonobod shahrida tashkil qilinadi. Ularda yiliga 10 mingga yaqin yoshlar IT, chet tili va boshqa zamonaviy kasblar bo`yicha bepul o`qitiladi.
Prezidentimiz shaharchalar yoshlar uchun qulay joyda bo`lishi, ularda yuqori malakali mutaxassislar dars berishi zarurligini ta`kidladi.
– Shiddat bilan o`zgarayotgan davrda hamma sohaga axborot texnologiyalarini biladigan kadrlar kerak. Bu sohada xizmatlar uchun ham, eksport uchun ham eng asosiy resurs bu – malakali mutaxassislar. IT-shaharchalar bu yo`lda yoshlarga qanot bo`ladigan, zamonaviy kasblarga o`rgatadigan tizim bo`lishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoev.
Rivojlangan davlatlarda IT sanoatni rivojlantirishda startaplarni qo`llab-quvvatlashdan keng foydalaniladi. Yurtimizda ham bunday loyihalar bo`yicha tanlovlar o`tkazib kelinmoqda. Lekin bu borada shaffoflikni oshirish, loyihalarga natijadorlik asosida grant ajratish zarurati mavjud.
Shuning uchun IT ta`lim va dasturiy mahsulot yo`nalishidagi loyihalar bo`yicha 1 milliard so`mgacha bo`lgan startaplar tanlovini IT-park orqali o`tkazish taklif etilmoqda.
Davlatimiz rahbari bu tanlovda ham, xuddi “President Tech Award”dagi kabi, nufuzli xalqaro kompaniyalar tomonidan baholashni yo`lga qo`yish zarurligini ta`kidladi.
Sun`iy intellekt dasturlarini yaratish va qo`llash bo`yicha ham muvaffaqiyatli ish olib borilmoqda. Jumladan, biometrik identifikasiyalash uchun “My ID” tizimi rivojlantirildi. Bugungi kunda 28 ta bank va 5 ta davlat tashkiloti mazkur tizimga ulandi. U orqali 8 million 200 mingdan ortiq foydalanuvchi ro`yxatdan o`tdi.
“Muxlisa” nomli o`zbek tilidagi ovozli yordamchi ishlab chiqilmoqda. Ushbu ishlanmani turli zamonaviy texnika vositalariga o`rnatish mo`ljallangan.
Raqamli texnologiyalar sohasini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida sun`iy intellekt va kosmik faoliyatga oid normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish vazifasi qo`yildi.
Shuningdek, taqdimotda Yagona kommunal xizmatlar platformasini joriy etish bo`yicha ham axborot berildi. Bu onlayn platforma orqali iste`molchilar 8 ta kommunal tashkilot xizmatlari uchun to`lovlarni amalga oshirishi mumkin bo`ladi. Unda 14 tadan ortiq idoralar ma`lumotlarini bir nuqtada jamlash hamda avtomatlashtirilgan ravishda taqsimlash imkoniyati paydo bo`ladi.






