AsosiyJamiyat

Prezident Osiyo xotin-qizlari forumi ishtirokchilariga tabrik yo`lladi

'Prezident Osiyo xotin-qizlari forumi ishtirokchilariga tabrik yo`lladi'ning rasmi

Prezident Osiyo xotin-qizlari forumi ishtirokchilariga tabrik yo`lladi.

Davlat rahbari dunyoning olis va yaqin mintaqalaridan tashrif buyurgan mehmonlarni samimiy muborakbod etib, qadimiy va navqiron Samarqand shahrida qizg`in qutlashdan g`oyat baxtiyorligini bildirdi.

Ushbu tashabbusni faol qo`llab-quvvatlagan BMT Bosh Kotibiga,  unda bevosita ishtirok etayotgan BMT Bosh kotibi o`rinbosari, “BMT-ayollar” tuzilmasi ijrochi direktori Sima Sami Baxus xonim, BMTning Jenevadagi bo`linmasi rahbari Tatyana Valovaya va Parlamentlararo Ittifoq bosh kotibi Martin Chungongga  minnatdorchilik izhor etdi.

Bugungi forumda xalqaro tashkilotlar va Osiyo mamlakatlari parlamentlari rahbarlari, senator va deputatlar, hukumatlar a`zolari, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari, ko`plab ishbilarmon va olima ayollar qatnashayotganini katta mamnuniyat bilan ta`kidlashni istardim.

Sizlarning sa`y-harakatingiz bilan yurtimizda ilk bor o`tkazilayotgan xalqaro anjuman xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi faolligini yanada oshirish, o`zaro tajriba almashish va do`stona hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga munosib hissa qo`shadi, deb ishonaman.

Hurmatli tadbir ishtirokchilari!

Bugungi kunda dunyoda jadal rivojlanib borayotgan Osiyo qit`asining barcha mamlakatlari va xalqlari asrlar davomida yagona keng makonda uyg`un va hamjihatlikda rivojlanib, turli sohalarda yaqin hamkorlik aloqalarini olib borganlar.

Buyuk Ipak yo`lining savdo chorrahasida joylashgan Markaziy Osiyo mintaqasi ming yillar mobaynida turli madaniyatlar va sivilizasiyalar taraqqiyoti uchun qudratli kuch bag`ishlagan, yuksak umumbashariy qadriyatlarning ulkan ma`naviy beshigi bo`lgan.

So`nggi yillarda Yangi O`zbekiston Osiyo qit`asining ham barcha mamlakatlari bilan uzoq muddatli, keng qamrovli va o`zaro manfaatli aloqalarni izchil chuqurlashtirib borishga ustuvor ahamiyat qaratayotgani bejiz emas, albatta.

Sayyoramiz aholisining yarmidan ko`pi istiqomat qilayotgan Osiyo mamlakatlari Barqaror rivojlanish maqsadlariga to`liq erishish, gender tenglikni ta`minlash, xotin-qizlarning haq-huquqlarini himoya qilish, ularning davlat va jamiyat boshqaruvidagi roli va ta`sirini keskin oshirish borasida salmoqli yutuqlarni qo`lga kiritmoqda.

Bizning mamlakatimizda ham ayollar jamiyatimizning ajralmas bo`g`ini bo`lib, ularning huquq va manfaatlarini to`liq ta`minlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish masalalari yangi qabul qilingan Konstitusiyamiz, “Taraqqiyot strategiyasi – 2030” va O`zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish Strategiyasi kabi konseptual hujjatlarda o`zining to`liq ifodasini topgan.

So`nggi etti yilda O`zbekistonda xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 27 foizdan 35 foizga ko`tarildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 32 foizi, Senat a`zolarining 25 foizi ayollardan iborat. Bugun har bir mahallamizda ham ularning o`z vakillari bor.

Ishbilarmon ayollar safi ikki barobar kengayib, o`z biznesini yo`lga qo`ygan ayollar soni 205 mingdan oshdi. Yuz minglab ayollar kasb-hunar va tadbirkorlikka o`qitildi. Salkam yarim million nafar singillarimiz ish bilan ta`minlandi. Hozirgi kunda oliygohlarda ta`lim olayotgan talabalarning yarmidan ziyodini qizlar tashkil etmoqda.

Bu borada olib borayotgan tizimli chora-tadbirlarimiz xalqaro hamjamiyat tomonidan ham munosib e`tirof etilmoqda. Xususan, Jahon banki indeksida O`zbekiston gender tenglik sohasida dunyodagi eng tez rivojlanayotgan 5 ta mamlakat qatorida qayd etilgani, ochiq gender ma`lumotlar indeksida eng yaxshi 20 ta davlat qatoridan joy olgani bizga alohida mamnuniyat bag`ishlaydi.

Qadrli do`stlar!

Biz Yangi O`zbekistonda xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, rahbarlik qobiliyatini va tadbirkorlik salohiyatini to`liq ro`yobga chiqirish, ularga zamonaviy bilim berish, kasb-hunarga o`rgatish va bandligini ta`minlash, ehtiyojmand va ko`makka muhtoj ayollarning muammolarini tizimli hal qilish bo`yicha boshlagan katta ishlarimizni bundan keyin ham izchil davom ettiramiz.

Zero, bugungi tarixiy o`zgarishlarning faol ishtirokchisi bo`layotgan muhtarama ayollarimiz – ortga qaytmas tus olgan demokratik islohotlarimiz va jadal taraqqiyotimizni amalga oshirishda bunyodkor kuch, biz qurayotgan adolatli va tinchliksevar, ko`pmillatli va farovon mamlakatning mustahkam asosidir.

O`ylaymanki, sizlar ushbu forumni har ikki yilda o`tkaziladigan an`anaviy muloqot maydoniga aylantirish bo`yicha taklifimizni har tomonlama qo`llab-quvvatlaysiz.

Bugungi anjuman natijasida qabul qilinadigan Samarqand deklarasiyasi asosida kelgusida Birlashgan  Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining “Osiyo xotin-qizlarining ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va madaniy-gumanitar faolligini oshirish to`g`risida”gi rezolyusiyasining qabul qilinishi barchamizning bu boradagi ezgu intilishlarimizning yorqin amaliy ifodasi bo`ladi.

Fursatdan foydalanib, barchangizga yana bir bor sihat-salomatlik, baxt va omad, forum ishiga ulkan muvaffaqiyat tilab qolaman, -deyiladi Shavkat Mirziyoev tabrigida.

    Boshqa yangiliklar