Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligi tomonidan umumta`lim muassasalarida 2023-2024 o`quv yilini yakunlash va “So`nggi qo`ng`iroq” tadbirlarini o`tkazish bo`yicha tavsiyalar ishlab chiqildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qildi.
Unga ko`ra, umumiy o`rta ta`lim muassasalarida “So`nggi qo`ng`iroq” tadbirlari:
➖ joriy yilning 25 may kuni soat 8:00 dan 9:00 ga qadar tashkil etiladi;
➖ maktab o`quvchilari sonidan kelib chiqqan holda faqatgina 1-, 4-, 9-, 11-sinf o`quvchilari jalb etiladi;
➖ mahalla faollari, ota-onalar va huquqni muhofaza qilish idoralari vakillari bilan hamkorlikda yong`in va texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilingan holda tashkil etiladi;
➖ faxriy o`qituvchilar, ota-onalar, mahalla faollari, o`rnak bo`ladigan maktabning sobiq bitiruvchilari taklif etiladi;
➖ yil davomida namunali xulq va a`lo baholarga o`qib, eng yuqori reyting ko`rsatkichlariga erishgan iqtidorli bitiruvchilar rag`batlantiriladi;
➖ maktab hayotida faol ishtirok etayotgan, odob-axloqi, intiluvchanligi bilan tengdoshlariga o`rnak bo`layotgan o`quvchilarning ota-onalariga “Eng faol ota”, “Jonkuyar ona”, “Mas`uliyatli ota-ona”, “A`lochi o`quvchi otasi”, “Bilimli qiz onasi” nominasiyalari bo`yicha tashakkurnomalar beriladi.
2023-2024 o`quv yilini yakunlash va “So`nggi qo`ng`iroq” tadbirlarini o`tkazish davomida quyidagilar taqiqlanadi:
➖ turli restoran va kafelar, xonadonlarda “Bitiruv oqshomlari”ni o`tkazish, bosqichli nazorat imtihonlari va yakuniy davlat attestasiyalarini o`tkazishda, ta`lim muassasalarini yangi o`quv yiliga tayyorlash borasida o`quvchi va bitiruvchilar hamda ularning ota-onalaridan turli xil pul mablag`larini yig`ish;
➖ bitiruv tadbirlarida o`quvchilardan qimmatbaho sovg`alar uchun pul yig`ish, bitiruv kechalariga atab qimmat kiyimlar olish, engil avtomashinalarda sayr tashkil etish.
➖ o`quvchilarning guruh-guruh bo`lib xiyobonlar, istirohat bog`lari, cho`milish havzalariga borishi.
Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligi tizimdagi barcha xodimlar, ota-onalar hamda keng jamoatchilik vakillaridan joriy o`quv yilini yakunlash va “So`nggi qo`ng`iroq” tadbirlarini o`tkazishda mazkur tavsiyalarga amal qilishlarini so`rab qoladi.