Parijda o`tkazilgan WomenInTech Global Jahon texnologiya hamjamiyatining xalqaro sammiti bo`lib o`tdi. Unda ilk bor O`zbekiston vakillari ishtirok etdi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar qilmoqda.
Sammitda 50 dan ortiq davlatdan 450 nafar delegasiya vakillari hamda 70 nafar ma`ruzachi ishtirok etdi.
Sammitda O`zbekiston delegasiyasi ham qatnashdi va Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Kamola Sobirova “Beyond Glass Ceilings: Women in Tech Leadership” (Ko`rinmas to`siqlar ortida texnologiyada ayollar etakchiligi) mavzusiga bag`ishlangan panel muhokamalaridan birida ishtirok etdi.
O`z nutqida K.Sobirova mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning turli soha va tarmoqlarda o`z qobilyat va imkoniyatlarini ro`yobga chiqarish uchun shart-sharoit yaratilishi davlat siyosatiga aylantirilganligi hamda xotin-qizlarni aynan STEM kasblariga jalb qilishda vazirlik kesimida olib borilayotgan bir qancha ishlar haqida ma`lumot berib o`tdi.
O`zbekiston “WomenInTech” tashkilotiga 2023 yilning mart oyida a`zo bo`lishi va 2024 yilga kelib ushbu tadbirda ilk bor ishtirok etishi uning global texnologiya sohasida erishgan nufuzi va ahamiyatidan darak beradi.
Tadbirning ikkinchi kunida “Sinov” mobil VR ilovasini yaratgan O`zbekistonlik ITchi qizlar ishtirokida tayyorlangan “Ayol Yo`li” videosi sammit qatnashchilari uchun taqdim etildi. “Sinov” loyihasining ishtirokchilaridan biri Gulnoza Abdurashidova ham panel muhokamasida qatnashib, o`z tajribasini bo`lishdi.
Ma`lumot uchun: 2018 yilda tashkil etilgan “WomeninTech” tashkiloti 2030 yilga qadar 5 million xotin-qizlarni texnologiya olamiga jalb qilishni o`z oldiga oliy maqsad qilib qo`ygan va hozirgi kunda dunyo bo`ylab 179 mamlakatdan 9000 dan ortiq elchilar va 80 ming texnik ekspertlar bilan tarmoqni kengaytirib bormoqda.
Tadbir yakunida “Women in Tech CCA Awards” sammitini joriy yilning oktyabr oyida O`zbekistonda o`tkazish g`oyasi ilgari surildi.






