Bosh prokuror o`rinbosari Sh.To`xtaboev boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Qoraqalpog`istonda nogironligi bo`lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish va ularning ta`lim olishi uchun yaratilgan sharoitlar ahvoli o`rganildi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar qilmoqda.
Nukus shahrida joylashgan ko`zi ojizlar maxsus kutubxona ma`muriy binosini yangidan qurish va jihozlash bo`yicha amalga oshirilgan qiymati 10,4 mlrd. so`mlik pudrat ishlari o`rganilib, jami 530,4 mln. so`mlik ishlar haqiqatda bajarilmagan bo`lsada, hisobotlarga qo`shib yozish yo`li bilan byudjet mablag`lari talon-toroj qilingani aniqlandi.
Kutubxonani jihozlash maqsadida ajratilgan 2 ta “brayl” printeri uchun 90 mln. so`m va 1 ta ovoz yozish studiyasi uchun 50 mln. so`m mablag`lar ham o`zlashtirib yuborilgani oqibatida ko`rish qobiliyatida nuqsoni bor shaxslarni qoraqalpoq tilida zarur adabiyot va audio materiallar bilan ta`minlash imkoni cheklangan.
Mazkur holat yuzasidan JKning 167-moddasi (O`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi hamda 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi.
Hozirda tergov harakatlari olib borilib, etkazilgan zararni qoplash choralari ko`rilmoqda.






