Samarqand shahrida yashovchi 27 yoshli G.S. (ayol) murojaat qilib, noma`lum shaxs uning yalang`och holdagi video va foto tasvirlarini ijtimoiy tarmoqlarda tarqatib yubormaslik evaziga 2 800 000 so`m talab qilayotganligini ma`lum qilgan. Bu haqda IIV TQB Kiberxavfsizlik markazi Matbuot xizmati xabar berdi.
Ma`lum bo`lishicha, tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo`linmalari xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida yashovchi 35 yoshli N.J. sodir etganligi aniqlangan.
Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan N.J. aslida kirakashlik bilan shug`ullanishi ma`lum bo`ldi. U jabrlanuvchi G.S.ni bir necha bor uyiga olib borib qo`yish orqali u bilan tanishib olgan.
Gumonlanuvchi N.J., jabrlanuvchi G.S. bilan ma`lum vaqt ishqiy munosabatda bo`lib kelgan va uning turli behayo fotosuratlarini qo`lga kiritib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatib yubormaslik evaziga 2 800 000 so`mlik telefon qurilmasi yoki ushbu telefon qurilmasining pulini talab qilib, mazkur pullarni olayotgan vaqtida Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo`linmalari tomonidan ashyoviy dalil bilan ushlanib, tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Mazkur holat yuzasidan N.J.ga nisbatan JKning 165-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.






