O`zbekistonda haj mavsumi 2024 yil 23 maydan boshlanadi. Bu haqda O`zbekiston musulmonlari idorasi xabar berdi.
Respublikamizdan Saudiya Arabistoni Podshohligiga shu yil 7 iyunga qadar har kuni aviaqatnovlar amalga oshiriladi.
O`zbekistonning 10 ta hududiy aeroportidan to`g`ridan-to`g`ri Toshkent-Madina, Buxoro-Madina, Namangan-Madina, Farg`ona-Madina, Samarqand-Madina, Qarshi-Madina, Termiz-Madina, Urganch-Madina, Nukus-Madina va Navoiy-Madina aviareyslari orqali ziyoratchilar haj safariga kuzatiladi. Barcha parvozlar "Uzbekistan Airways" AJ aviakompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.
“Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o`tkazish bo`yicha Respublika jamoatchilik kengashi joriy mavsumga tayyorgarlik ishlarini turli yo`nalishlarda jadal davom ettirmoqda. Jumladan, ziyoratchilarni tibbiy ko`rikdan o`tkazish, emlash, guruh rahbarlarini biriktirish, safar oldi mashg`ulotlar o`tkazish, shifokorlar va oshpazlar guruhini jalb etish hamda safar hujjatlarini rasmiylashtirish ishlari yakuniga etkazilmoqda.
Shu kunlarda guruh rahbarlari ziyoratchilar bilan Haj arkonlari haqida suhbat qilmoqdalar. Har bir ziyoratchiga “Haj – buyuk ibodatdir” nomli qo`llanma, sumka, nimcha kabilar taqdim etilmoqda.
Ushbu mavsumga puxta tayyorgarlik ishlarini amalga oshirish maqsadida, dastlabki ishchi guruh Saudiya Arabistoniga etib borib, ayni kunlarda barcha tashkiliy ishlarni bajarmoqda.






