15 may kuni Toshkentda 31-Jahon matbuot erkinligi kuni munosabati bilan “Fuqarolarning ekologik huquqlarini targ`ib qilish va himoya qilishda ommaviy axborot vositalari hamda jurnalistlarning o`rni” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Bu haqda
Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o`rinbosari, Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, UNESCOning O`zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi, BMT Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissari boshqarmasi Markaziy Osiyo bo`yicha mintaqaviy byurosining inson huquqlari bo`yicha xodimi Pavel Bialik, Shveytsariyaning O`zbekistondagi elchixonasi diplomatik bo`limi rahbari Aleksandr Sherer, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirining Axborot siyosati bo`yicha maslahatchisi Lola Rahmonboeva, "Aral Wetlands" loyihasining 4-komponenti rahbari Murod Nasirov, ekologlar, OAV vakillari va boshqalar ishtirok etdi.
Seminar davomida O`zbekistondagi asosiy ekologik muammolar, bu muammolarni yoritishda yuzaga keladigan qiyinchiliklar, bu borada hukumatning fuqarolik jamiyati bilan yanada samarali hamkorlik qilishi kabi masalalar muhokama qilindi.
Tadbirda nutq so`zlagan Akmal Saidov Prezident Shavkat Miziyoev rahnamoligida ekologiya sohasida amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlarni alohida ta`kidladi. Xususan, Butunjahon ekologik Xartiyasining qabul qilinishi, “Yashil Makon” milliy loyihasi doirasida har yili 200 million tup daraxt ko`chati ekilishi, BMT Bosh Assambleyasining Orolbo`yi mintaqasini “ekologik innovasiyalar va texnologiyalar zonasi” deb e`lon qilish to`g`risidagi rezolyusiyasining qabul qilinishi va boshqa islohotlarni qayd etdi.
Shuningdek, 2023-yil iyul oyida qabul qilingan O`zbekiston Konstitusiyasining yangi moddalari ham alohida ta`kidlandi. Xususan, 49-moddada har bir fuqaroning qulay atrof-muhit va uning holati to`g`risida ishonchli ma`lumot olish huquqi mustahkamlangan, 61-moddaga ko`ra esa har bir fuqaro atrof-muhitni muhofaza qilishga majburdir. Yashil iqtisodiyotga o`tish va atrof-muhitni muhofaza qilish hukumatning ustuvor yo`nalishi deb e`lon qilingani alohida ta`kidlandi.
"Bugungi kunda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda suvni tejovchi va energosamarador texnologiyalarni tatbiq etish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, ekologik toza transportlar sonini oshirish va yashil maydonlarni ko`paytirish orqali “yashil o`sish” tamoyillari integrasiyasi ustida ish olib bormoqda, — dedi Lola Rahmonboeva. — Shu bilan birga, biz ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda ekologik muammolar muhokamasiga jamoatchilikni keng jalb qilyapmiz. Bu aholining ekologik bilimlarini va ularning atrof-muhit muhofazasi bilan bog`liq muammolardan xabardorligini oshirishga xizmat qiladi”.
Tadbirda nutq so`zlagan Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi (AOKA) vakili esa axborot asosiy vositaga aylangan bugungi davrda ommaviy axborot vositalarining roli har qachongidan ham ortib borayotganini, jamoatchilik orasida ekologik mas`uliyat va daxldorlik hissini oshirishda aynan OAV asosiy vositaga aylanganini ta`kidladi.
Shuningdek, O`zbekistonda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o`zgarishlarini o`rganish universiteti ("Green University") tashkil etilgani, bu erda "Ekologik jurnalistika" fakulteti faoliyat yuritayotgani ta`kidlandi.
O`z navbatida Murod Nasirov ommaviy axborot vositalarida yoritish va jamoatchilik muhokamasi uchun zarur bo`lgan asosiy ekologik masalalarni aytib o`tdi. Bularga aholi sonining ko`payishi tufayli cheklangan resurslar, sanoatning o`sishi natijasida atrof-muhitning ifloslanishi, biologik xilma-xillikni saqlash kiradi.
Tadbir doirasida davlat organlari, xalqaro tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari vakillarining muloqoti ham bo`lib o`tdi.