Farg`ona viloyatida farzandini maktabga jo`natmagan ota 10 sutkaga qamaldi. Bu haqda Farg`ona viloyati Milliy gvardiya boshqarmasining axborot xizmati xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, viloyatning O`zbekiston tumani Qumbosdi qishlog`ida yashovchi 1981 yilda tug`ilgan shaxs farzandining tumandagi 45-maktabga borishiga to`sqinlik qilgan. Farzandini ta`limga qaytarish va profilaktik tushuntirish ishlari olib borish maqsadida O`zbekiston tumani inspektor-psixologi, katta leytenant D. Araqulov bolaning ota-onasini chaqirtirgan.
Ammo ota o`zini nosamimiy tutib, jamiyatda yurish-turish qoidalariga zid xatti-harakatlar sodir etgan. Ota farzandini ta`limga qaytmasligini, hech kim hech narsa qila olmasligini ta`kidlagan. Shuningdek, u Milliy gvardiya harbiy xizmatchisining qonuniy talablarini bajarmagan.
“2024 yil to`plangan ish hujjatlari O`zbekiston tumani sudi tomonidan ko`rib chiqilib, ushbu fuqaro Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 18- (mayda bezorilik) va 194 - (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) moddalarida ko`rsatilgan huquqbuzarlik sodir etgan deb topilib, unga nisbatan 10 sutkaga qamoq jazosi tayinlandi”, deyiladi xabarda.






