AsosiyJamiyat

Prezident va Malayziya Bosh vaziri ishtirokida muzokara o`tkazildi

'Prezident va Malayziya Bosh vaziri ishtirokida muzokara o`tkazildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim ikki mamlakat rasmiy delegasiyalari ishtirokida muzokara o`tkazdilar.

Uchrashuv avvalida Malayziya Hukumati rahbari Prezidentimizga Malayziya Podshohi Sulton Ibrohimning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini etkazib, delegasiyasiga ko`rsatilayotgan iliq va samimiy qabul uchun chin dildan minnatdorlik bildirdi.

Muzokaralarda O`zbekiston bilan Malayziya o`rtasidagi do`stlik va ko`p qirrali sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari ko`rib chiqildi.

O`zbekiston Prezidenti so`nggi 16 yilda ilk bor o`tkazilayotgan ushbu oliy darajadagi tashrif ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi davr ochayotganini ta`kidladi.

- Malayziya nafaqat Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqasida, balki jahon miqyosida katta salohiyatga ega bo`lgan, jadal o`sib borayotgan davlatdir. Mamlakatingiz bilan aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko`tarish asosiy maqsadimiz hisoblanadi, - deb ta`kidladi O`zbekiston Prezidenti.

Siyosiy muloqot va parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash, xalqaro tashkilotlar doirasida o`zaro qo`llab-quvvatlashni davom ettirish, gumanitar va ta`lim dasturlarini amalga oshirish, turizm va madaniy almashinuvni faollashtirish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.

Savdo-iqtisodiy va investisiya sohalarida amaliy hamkorlik masalalariga alohida e`tibor qaratildi.

O`tgan yil yakuni bo`yicha tovar ayirboshlash hajmi ikki baravardan ziyodga o`sdi, qo`shma korxonalar soni ortib bormoqda, Toshkent va Kuala-Lumpur o`rtasidagi aviareyslar ko`paymoqda.

O`zaro savdo hajmining kelgusida ham o`sishini ta`minlash va ko`rsatkichlarini muvozanatlashtirish, yirik qo`shma loyihalarni amalga oshirish muhimligi ta`kidlandi.

Tashrif doirasida o`tkaziladigan O`zbekiston-Malayziya biznes forumi yakunlari investisiyaviy sheriklikni kengaytirishga, innovasiyalar, sanoat, “yashil” energetika, neft-kimyo, elektr texnikasi va elektronika, farmasevtika va boshqa sohalarda etakchi kompaniyalar kooperasiyasiga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Ushbu sa`y-harakatlarni qo`llab-quvvatlash maqsadida mamlakatimiz O`zbekiston-Malayziya sanoat zonasini tashkil etishga tayyor ekani ta`kidlandi.

Qishloq xo`jaligida, jumladan, suvni tejash texnologiyalarini joriy etish, meva-sabzavot mahsulotlarini etishtirish va qayta ishlash, "Halol" standartlari bo`yicha sertifikatlashtirish masalalari bo`yicha hamkorlik istiqbollari ko`rib chiqildi.

Axborot texnologiyalari, kambag`allikni qisqartirish va transport bog`liqligini kengaytirish sohasidagi sheriklik masalalari muhokama qilindi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik kun tartibini tizimli kengaytirish maqsadida amaldagi Savdo bo`yicha qo`shma qo`mitani Hukumatlararo komissiyaga aylantirish va uning birinchi yig`ilishini joriy yilda o`tkazish zarurligi ta`kidlandi.

Madaniy-gumanitar almashinuvni yanada faollashtirishga qat`iy intilish bildirildi.

Kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish, energetika, islom moliyasi, ekologiya, sun`iy intellekt, turizm sohalarida hamkorlikni kengaytirish, sog`liqni saqlash sohasida ilmiy-amaliy aloqalarni mustahkamlash muhimligi ta`kidlandi.

Malayziyalik sayyohlarning O`zbekistonga oqimi tez sur`atlarda o`sib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Ziyorat turizmi bo`yicha qo`shma dasturlarni amalga oshirish, shu jumladan “Umra plyus” loyihasini ilgari surish hamda yoshlarimiz o`rtasida muloqotni mustahkamlash choralari muhokama qilindi.

Etakchilar Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlari hamda Afg`oniston masalasi yuzasidan ham fikr almashdilar. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va Qo`shilmaslik harakati doirasida o`zaro qo`llab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi ta`kidlandi.

"Markaziy Osiyo + ASEAN" formatida tashqi ishlar vazirlari muloqotini tuzish taklifini ko`rib chiqish tashabbusi bildirildi.

Ishonchli, ochiq va do`stona muhitda o`tgan muzokaralar yakunlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Prezidenti va Malayziya Bosh vaziri Ko`p qirrali hamkorlikni chuqurlashtirish to`g`risidagi Qo`shma bayonotni imzoladilar.

    Boshqa yangiliklar