AsosiyJamiyat

Rossiya kompaniyasi bilan hamkorlikda issiqxona gazlari chiqindilari va uglerod izlarini hisoblash metodikasi ishlab chiqiladi

'Rossiya kompaniyasi bilan hamkorlikda issiqxona gazlari chiqindilari va uglerod izlarini hisoblash metodikasi ishlab chiqiladi'ning rasmi

Davlat ekologik ekspertizasi markazida "HPBSolution" mas`uliyati cheklangan jamiyati vakillari o`rtasida bo`lib o`tgan uchrashuvda hamkorlikda atrof-muhitga ta`sir ko`rsatuvchi xo`jalik yurituvchi sub`ektlar faoliyati natijasida hosil bo`ladigan issiqxona gazlari miqdori hamda uglerod izini (carbon footprint) hisoblash bo`yicha metodika ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi. Bu haqda Markaz matbuot xizmati xabar qildi.

Shuningdek, xalqaro va milliy tadqiqotlarni chuqur tahlil qilish hamda xorijiy davlatlar tajribalarini har tomonlama o`rganish asosida iqlim o`zgarishi oqibatlarini yumshatish va unga moslashish bo`yicha kadrlar salohiyatini oshirish yuzasidan o`quv–seminar, treninglar tashkil etishga alohida e`tibor qaratildi.

"Parij kelishuvi doirasida 2010 yilga nisbatan 2030 yilga kelib yalpi ichki mahsulot birligiga issiqxona gazlari emissiyasini 35 foizga kamaytirish bo`yicha qo`shimcha majburiyat oldik. O`zbekiston 2030 yilgacha iqtisodiyotning energiya samaradorligini ikki baravar oshirish bo`yicha ulkan maqsadlarni qo`ygan. 2030 yilga borib qayta tiklanadigan energiya ulushini 30 foizga etkazish, ekologik toza transportni rivojlantirish choralari ko`rilmoqda", dedi Markaz rahbari G`ayratjon Muhamedov.

Qolaversa, prezidentning joriy yil 31 maydagi 81-sonli farmoniga muvofiq, 2024 yil 1 yanvardan boshlab atrof-muhitga ta`siri bo`yicha I — IV toifalarga kiruvchi xo`jalik yurituvchi sub`ektlarning faoliyatini belgilangan tartibda davlat ekologik ekspertizasidan o`tkazish jarayonida Vazirlik tomonidan uglerod neytralligini ta`minlash bo`yicha maqsadli ko`rsatkichlar belgilanganligi qayd etildi. Bunda faoliyat turidan kelib chiqib, atrof-muhitga ta`sirni baholash materiallarida ishlab chiqarish natijasida hosil bo`ladigan issiqxona gazlari miqdori hamda uglerod izini (carbon footprint) kamaytirishning aniq ko`rsatkichlari loyiha pasporti bilan belgilanadi, belgilangan ko`rsatkichlar asosida uglerod izini kamaytirish bo`yicha davlat ekologik ekspertizasi xulosasida xo`jalik yurituvchi sub`ektlar tomonidan amalga oshirilishi majburiy bo`lgan chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.

Uchrashuv yakunida Davlat ekologik ekspertizasi markazi va "HPBSolution" mas`uliyati cheklangan jamiyati o`rtasida strategik hamkorlik to`g`risida memorandum imzolandi.

Ma`lumot uchun, ushbu memorandum Markaz xodimlarining malakasini oshirish, atrof-muhitga ta`sir etuvchi tadbirkorlik sub`ektlari faoliyati natijasida yuzaga keladigan issiqxona gazlari chiqindilari va uglerod izlarini hisoblash metodikasini ishlab chiqish, xalqaro va milliy tadqiqotlarni chuqur tahlil qilish hamda xorijiy davlatlar tajribalarini har tomonlama o`rganish asosida iqlim o`zgarishi oqibatlarini yumshatish va unga moslashish bo`yicha kadrlar salohiyatini oshirish yuzasidan o`quv-seminar, treninglar tashkil etish kabi masalalarni o`z ichiga olgan.

 

 

    Boshqa yangiliklar