Bugun, 23 may kuni mahalliy vaqt bilan soat 07:38da Ispaniyaning "World2Fly" aviakompaniyasining bortida 285 nafar yo`lovchisi bo`lgan samolyoti Madrid-Toshkent yo`nalishi bo`yicha ilk charter reysini amalga oshirdi.
An`anaga ko`ra, samolyot suv arkasi bilan kutib olindi, ekipaj a`zolari va birinchi yo`lovchilar, jumladan, Toshkentga etib kelgan Ispaniyaning yirik sayyohlik agentliklari, jurnalist va blogerlar poytaxt aeroportining kelish zalida karnay-surnay sadolari ostida kutib olindi. Birinchi reysni tantanali kutib olish marosimida “Uzbekistan Airports” kompaniyasi, O`zbekiston Turizm qo`mitasi va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Madrid — Toshkent — Madrid yo`nalishi bo`yicha charter reyslar Airbus A330-300 samolyotlarida ikki haftada bir marta amalga oshiriladi. Shuningdek, aviakompaniya Madrid — Urganch — Madrid yo`nalishida ham xuddi shunday chastotada parvozlarni amalga oshirishi rejalashtirilgan. Birinchi bosqichda charter reyslar iyun oyi oxirigacha davom etadi va 2024-yil sentyabrdan oktyabrgacha qayta tiklanadi.
"World2Fly" — 2020 yilda tashkil etilgan ispan aviakompaniyasi bo`lib, bosh qarorgohi Palma-de-Malyorkada (Ispaniya) joylashgan.






