Sirdaryo viloyatining Xovos tumani hokimi o`rinbosari o`z xizmat mavqeidan foydalanib, qishloq xo`jaligi mahsulotlari etishtirish va eksport qilish bilan shug`ullanuvchi MChJga tegishli erlarni hokimlik zaxirasiga olmaslik, aksincha, sug`orish ishlariga sharoit yaratib berish va faoliyatiga hech kim aralashmasligi evaziga 20 ming AQSh dollari talab qilib, 1 ming AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va prokuratura xodimlari tomonidan ushlandi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Toshkent viloyat filialining bo`lim boshlig`i va muhandisi o`zaro til biriktirib, Qibray tumanidagi qandolatchilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonani 3 fazali elektr tarmog`iga ulash va transformator o`rnatib berish, shuningdek, boshqa texnik hujjatlarini tayyorlashda ko`maklashish evaziga 39 ming AQSh dollari miqdorida pora talab qilishadi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Toshkent viloyat filiali muhandisi so`ralgan pul mablag`idan 30 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.
Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani IIB jinoyat qidiruv bo`linmasi katta tezkor xodimi xizmat mavqeidan foydalanib, o`zining ish yurituvida bo`lgan tergovga qadar tekshiruv materiali yuzasidan yakka tartibdagi tadbirkorga nisbatan Jinoyat prosessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo`zg`atishni rad etish evaziga, tamagirlik yo`li bilan undan 1500 AQSh dollari miqdorida pora talab qiladi va avvalroq ushbu pul mablag`i hisobidan 400 AQSh dollari oladi.
Lekin, u talab qilingan puldan yana 400 AQSh dollarini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda Sergeli tumani IIO FMB 2-sonli ichki ishlar bo`limi profilaktika inspektori 5 ming AQSh dollarini pora sifatida olgan vaqtida ushlandi.
Aniqlanishicha, u ushbu pul mablag`i evaziga, o`zaro janjal oqibatida xorijiy fuqaroga tan jarohati etkazgani bo`yicha mahalliy fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atmasdan, holatni ma`muriy huquqbuzarlik sifatida malakalashni va`da qilgan.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, mazkur shaxslarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo`llanilgan.






