Tabiiy va suyultirilgan gaz ta`minoti tizimi xususiy operatorlarga topshiriladigan tumanlar ro`yxati belgilanyapti.
Prezidentning “Gaz ta`minoti tizimida bozor mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori loyihasi e`lon qilindi.
Loyiha bilan tabiiy va suyultirilgan gaz ta`minoti tizimini xususiy operatorlarga o`tkazish to`g`risida nizom tasdiqlanadi, tabiiy va suyultirilgan gaz ta`minoti tizimi xususiy operatorlarga topshiriladigan tumanlar ro`yxati belgilanadi.
Gaz ta`minoti ob`ektlaridan foydalanish va gaz sotish funksiyalarini ishonchli boshqaruvi bo`yicha islohotlarni amalga oshirishni muvofiqlashtiruvchi komissiya tarkibi tasdiqlanadi.
Tabiiy va suyultirilgan gaz ta`minoti tizimida xususiy operatorga topshiriladigan quyidagi tumanlar ta`minoti bo`limlari pilot loyihasi sifatida tanlab olingan:
- tabiiy gaz yo`nalishida - Qoraqalpog`iston Respublikasidagi “Xo`jaylitumangaz”, Andijon viloyatidagi “Oltinko`ltumangaz”, Buxoro viloyatidagi “Buxorotumangaz”, Jizzax viloyatidagi “G`allaoroltumangaz”, Qashqadaryo viloyatidagi “Qarshitumangaz”, Navoiy viloyatidagi “Qiziltepatumangaz”, Namangan viloyatidagi “Yangiqo`rg`ontumangaz”, Samarqand viloyatidagi “Samarqandtumangaz”, Surxondaryo viloyatidagi “Denovtumangaz”, Sirdaryo viloyatidagi “Xovostumangaz”, Toshkent viloyatidagi “Yangiyultumangaz”, Farg`ona viloyatidagi “Uchko`priktumangaz”, Xorazm viloyatidagi “Urganchtumangaz”, Toshkent shahridagi “Bektemirtumangaz” gaz ta`minoti bo`limlari;
- suyultirilgan gaz yo`nalishida - Qoraqalpog`iston Respublikasidagi “To`rtko`ltumangaz”, Andijon viloyatidagi “Andijontumangaz”, Farg`ona viloyatidagi “Beshariqtumangaz”, Samarqand viloyatidagi “Urguttumangaz” va Qashqadaryo viloyatidagi “Chiroqchitumangaz” gaz ta`minoti bo`limlari.
Shuningdek:
- gaz taqsimlash tarmoqlaridan foydalanish va tabiiy gaz sotish funksiyalarini xususiy operatorlar ishonchli boshqaruviga topshiriladigan tumanlar bo`yicha salohiyatli kompaniyalar bilan muzokaralar o`tkazib, natijasi bo`yicha aniq shartlar asosida gaz taqsimlash tarmoqlarini xususiy sektorga o`tkazish choralarini ko`rilishi;
- gaz ta`minoti tashkilotlari balansidagi qonunchilikka muvofiq xususiy operatorlar ishonchli boshqaruviga topshiriladigan ob`ektlarni aniqlash;
- pilot loyihasi amalga oshirilayotgan tumanlardan tashqari xususiy operatorlarga yuklatiladigan vazifalarni bajarish uchun talabgorlar paydo bo`lganda, o`rnatilgan tartibga muvofiq ishlarni tashkil etish belgilab qo`yilmoqda.
Bundan tashqari:
- xususiy operator tanlovi uchun o`tkaziladigan xizmat ko`rsatishning boshlang`ich narxi belgilanadi;
- xususiy operatorlar ishonchli boshqaruvi hududlaridagi gaz iste`molchilaridan tushadigan pul mablag`larini taqsimlash mexanizmi tasdiqlanadi;
- 2024 yil 1 noyabrga qadar respublikada suyultirilgan gazga bo`lgan ehtiyojning ortib borayotganini inobatga olib, iste`molchilarni maqbul narxlarda suyultirilgan gaz bilan ta`minlash maqsadida 2025 yil 1 yanvardan respublikaga suyultirilgan gazni import orqali olib kirish hamda iste`molchilarga bozor narxlarida realizasiya qilish imkonini yaratishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasi prezident administrasiyasiga kiritiladi.






