Qashqadaryo viloyati Ko`kdala tumanida yuk mashinasi piyodalar yo`lakchasidan o`tayotgan o`quvchini urib yubordi. Viloyat IIB YHXB axborot xizmatining xabar berishicha, hodisa 2024 yil 15 may kuni sodir bo`lgan.
Kamaz yuk mashinasi Samarqand-G`uzor avtomobil yo`lidan harakatlanayotib Ko`kdala tumanida joylashgan 37-maktab oldidagi piyodalar yo`lakchasidan o`tayotgan 2-sinf o`quvchisini urib yuborgan. Oqibatda o`quvchi og`ir tan jarohatlari olib, hodisa joyida halok bo`lgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda hodisa tasvirlangan video tarqaldi. Bir guruh o`quvchilar piyodalar yo`lakchasidan o`tmoqchi bo`lishganda Neksiya to`xtab ularga yo`l beradi. Bolalar yo`lakchadan o`ta boshlaganda ikkinchi qatordan katta tezlikda kelgan yuk mashinasi ulardan birini urib ketadi.
Qayd etilishicha, hodisa yuzasidan Ko`kdala tuman IIB tergov guruhi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Haydovchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llangan.






