AsosiyJamiyat

O`zbekistonda davlat buyurtmasi parametrlarini davlat OTMlari kesimida taqsimlash amaliyoti bekor qilindi

'O`zbekistonda davlat buyurtmasi parametrlarini davlat OTMlari kesimida taqsimlash amaliyoti bekor qilindi'ning rasmi

“Oliy ta`lim tashkilotlariga o`qishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimini takomillashtirish to`g`risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.

Hujjatga muvofiq oliy ta`lim tashkilotlarida kadrlar tayyorlash bo`yicha davlat buyurtmasini shakllantirish va joylashtirish bo`yicha shunday tartib o`rnatiladiki, unga ko`ra:

a) 2024/2025-o`quv yili qabulidan boshlab:

davlat buyurtmasi parametrlarini davlat oliy ta`lim muassasalari kesimida taqsimlash amaliyoti bekor qilinib, bakalavriat ta`lim yo`nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo`yicha kunduzgi ta`lim shaklida tasdiqlash tartibi joriy etiladi, bundan oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta`lim muassasalari mustasno;

davlat buyurtmasi bo`yicha kvotalar taqsimotida muhandislik, tibbiyot, aniq va tabiiy fanlar bilim sohalariga ustuvorlik beriladi;

davlat oliy ta`lim muassasalari uchun o`rnatilgan tartib va shartlar bo`yicha talabalar qabulini amalga oshiruvchi oliy ta`lim tashkilotlariga davlat buyurtmasining taqsimotida ishtirok etishga ruxsat etiladi. Bunda tegishli bakalavriat ta`lim yo`nalishi bo`yicha bir talaba uchun ajratiladigan mablag` moliyaviy mustaqillik berilgan davlat oliy ta`lim muassasalarida bir talaba uchun to`g`ri keladigan o`rtacha xarajat miqdoridan oshmagan hajmda moliyalashtiriladi;

davlat granti kvotalarining oliy ta`lim tashkilotlari kesimida taqsimoti tegishli bakalavriat ta`lim yo`nalishi bo`yicha ro`yxatdan o`tgan abiturientlarning tanlovi va to`plagan ballariga ko`ra amalga oshiriladi;

oliy ta`lim tashkilotlari moddiy-texnika bazasi, professor-o`qituvchilari tarkibi va o`quv-metodik ta`minotiga muvofiq, keyingi o`quv yili uchun o`z qabul parametrlarini shakllantiradi hamda Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligiga taqdim etadi;

Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi oliy ta`lim tashkilotlari qabul parametrlari asosliligini o`rganadi hamda ularni O`zbekiston ta`lim tashkilotlariga qabul qilish bo`yicha davlat komissiyasiga kiritadi;

Davlat komissiyasi oliy ta`lim tashkilotlari, ta`lim shakllari va tillar kesimida bakalavriat ta`lim yo`nalishlari bo`yicha umumiy qabul parametrlarini, imtiyozga ega abiturientlar uchun qo`shimcha qabul parametrlarini, maqsadli qabul kvotalarini hamda magistratura mutaxassisliklari qabul parametrlarini davlat granti va to`lov-kontraktga ajratgan holda oliy ta`lim tashkilotlari va tillar kesimida tasdiqlab, Bilim va malakalarni baholash agentligiga taqdim etadi;

b) 2024/2025-o`quv yilidan boshlab har bir ta`lim yo`nalishi bo`yicha oliy ta`lim tashkilotining umumiy qabul parametriga nisbatan davlat granti kvotasining ulushi ta`lim sohalari (bakalavriat ta`lim yo`nalishlari) kesimida Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi;

v) 2025 yildan boshlab davlat buyurtmasi parametrlari Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Kambag`allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan shakllantiriladigan oliy ma`lumotli kadrlarga bo`lgan talab prognoziga muvofiq ravishda 4 yillik davr uchun tasdiqlanadi.

    Boshqa yangiliklar