“Oliy ta`lim tashkilotlariga o`qishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimini takomillashtirish to`g`risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.
Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda “Ta`lim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisining 2024/2025-o`quv yilidan boshlab oliy ta`lim tashkilotlari talabalariga davlat grantini ijtimoiy-rag`batlantiruvchi grant va ta`lim granti shaklida ajratish to`g`risidagi taklifi ma`qullandi.
Belgilanishicha:
a) ijtimoiy-rag`batlantiruvchi grant qonunchilikda belgilangan imtiyoz bo`yicha davlat granti asosida va maqsadli qabul doirasida talabalikka qabul qilingan talabalarga, shuningdek, tarmoq va sohalarning, davlat organlari va tashkilotlarining grantlari sohiblari uchun ajratiladi;
b) ta`lim granti davlat buyurtmasi parametrlari doirasida oliy ta`lim tashkilotiga qabul qilingan talabalar uchun ajratiladi;
v) 2024/2025-o`quv yilidan boshlab bakalavriat va magistraturaga qabul qilingan talabalarga ta`lim granti bir o`quv yili uchun ajratiladi. Bunda:
- ta`lim granti birinchi kursda oliy ta`lim tashkilotlariga ajratilgan davlat buyurtmasi kvotasiga muvofiq kirish imtihonlarida yuqori ball to`plagan talabalarga ajratiladi;
- ta`lim granti ikkinchi va undan keyingi kurslarda yuqori akademik reyting ko`rsatkichlariga erishgan va ijtimoiy faol talabalar orasida oliy ta`lim tashkilotlari tomonidan tabaqalashtirilgan tartibda qayta taqsimlanadi;
- ta`lim granti tabaqalashtirilgan tartibda moliyalashtiriladi va stipendiya faqat to`liq ta`lim grantini yutgan talabalarga to`lanadi;
- ijtimoiy-rag`batlantiruvchi grant sohibi bo`lgan talabalarga davlat granti ularning o`qish davri uchun to`liq hajmda taqdim etiladi;
- ta`lim granti asosida tahsil olgan talabalarning o`qishni tamomlaganidan so`ng kamida 3 yil ishlab berish majburiyati bekor qilinadi.






