Prezident farmoniga ko`ra, 2024/2025-o`quv yilidan boshlab davlat oliy va professional ta`lim muassasalariga (kasb-hunar maktabi bundan mustasno) qabul qilish bo`yicha imtihonlar “avval test, so`ng tanlov” tamoyiliga muvofiq bir vaqtda o`tkaziladi.
Bunda:
a) abiturientlar o`z tanloviga ko`ra test sinovi natijasida to`plagan balidan kelib chiqib, dastlab oliy ta`limning bakalavriat ta`lim yo`nalishlariga, so`ng professional ta`lim muassasalariga o`qishga kirish uchun tanlovda ishtirok etadi;
b) davlat oliy ta`lim muassasalari bakalavriatiga qabul jarayoni quyidagi ikki bosqichda amalga oshiriladi:
- birinchi bosqichda abiturientlar har yili 5 iyundan 25 iyunga qadar (25 iyun kuni ham) test sinovi topshirish uchun ro`yxatdan o`tadi hamda test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, ta`lim tili va test topshirish hududini hamda kirish imtihonlari tarkibida kasbiy (ijodiy) imtihon bo`lsa, ushbu imtihonni topshiradigan davlat oliy ta`lim muassasasini tanlaydi. Bunda bakalavriat ta`lim yo`nalishlari bo`yicha yagona kasbiy (ijodiy) imtihonlar dasturlari va baholash mezonlari tegishli vazirliklar (idoralar) tomonidan Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi;
- o`qishga qabul qilish bo`yicha kirish imtihonlari iyul–avgust oylarida o`tkaziladi;
- ikkinchi bosqichda abiturientlar test sinovlari to`liq yakunlanganidan so`ng 15 kun davomida oliy ta`lim muassasasi, bakalavriat ta`lim yo`nalishi va ta`lim shaklini tanlaydi;
v) 2025/2026-o`quv yili qabulidan boshlab fanlar majmuasida chet tili birinchi fan sifatida belgilangan ta`lim yo`nalishlariga qabul xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi milliy yoki xalqaro sertifikat asosida amalga oshiriladi;
g) barcha davlat kollej va texnikumlariga “avval test, so`ng tanlov” tamoyiliga muvofiq qabul qilishda abiturientlar kollej va (yoki) texnikumni, kasb va mutaxassislikni hamda ta`lim shaklini oliy ta`lim muassasalariga qabulning yakuniy natijasi e`lon qilinganidan so`ng 10 kun muddatda tanlaydi.






