O`zbekistonda mart, aprel va may oylarida har doimgidan ko`proq yog`ingarchilik kuzatilmoqda. Bu qishloq xo`jaligi ekinlari rivojiga ijobiy ta`sir ko`rsatadi. Bu haqda Qishloq xo`jaligi vazirli xabar berdi.
Qolaversa, suv zaxiralarini ko`payishiga va yil davomida qishloq xo`jaligi ekinlari parvarishida suv taqchilligiga barham berishga yordam beradi.
Shuningdek, qishloq xo`jaligi ekinlarini suvga bo`lgan talabini bir qismini to`ldirishga, tuproqdagi namlikni saqlab turishda juda katta ahamiyat kasb etadi.
Respublikadagi mavjud sug`oriladigan maydonlarda qishloq xo`jaligi mahsulotlari etishtirish uchun sug`orish mavsumida jami 38,2 milliard kub metr, jumladan, asosiy ekinlarga 30,2 milliard kub metr hamda aholi tomorqalari va takroriy ekinlarga 8 milliard kub metr suv talab etilishi hisob-kitob qilingan. Shunga asosan bahor oylarida yog`ib o`tgan yog`in miqdori va mamlakatdagi mavjud suv omborlardagi suv zaxiralari, shuningdek, Amudaryo va Sirdaryo havzalarida joylashgan tog`lardagi qor zaxiralarini hisobga olib, suv etishmovchiligini 30-35 foiz qismini qoplashi kutilmoqda.
Ta`kidlash o`rinliki, ushbu surunkali yog`ingarchilikning qishloq xo`jaligimizda sabzavot, poliz va kartoshkachiligiga ijobiy tomonlari ko`p. Jumladan, yomg`ir sabzavot, poliz va kartoshka o`simligi barglarining changini yuvib, tozalaydi. Bu esa o`simlikning nafas olishini yaxshilaydi va fotosintez jarayonini tezlashtiradi, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, qishloq xo`jaligining muhim tarmoqlaridan biri bog`dorchilik va uzumchilikka ham seryog`in ob-havoning salbiy ta`sirlarini kuzatish mumkin. Xususan, bu yilgi ob-havoning barcha zararli organizmlar uchun, shu jumladan, kasallik qo`zg`atuvchi patogen mikroorganizmlar va zararkunandalarni rivojlanishi uchun qulay bo`lmoqda. Surunkali yog`ingarchilik havoning nisbiy namligi va havo haroratini 20-25 daraja iliq bo`lishi kasallik qo`zg`atuvchilar uchun maqbul sharoit hisoblanadi. Ushbu sharoitlarda urug` mevali bog`larda shudring, kalmaraz, qora bakterial rak va monilioz kasalliklari, danakli meva bog`larda esa klyasterosporioz (teshikli dog`lanish), monilioz, un shudring, shaftolining barg bujmayishi kabi kasalliklar keskin rivojlanishiga olib keladi.
Mazkur kasalliklarga qarshi difenokonazol, azoksostrobin, penkonazol, tiofonat-metil, piraklostrobin + difenokonazol asosli fungisidlardan birini qo`llash foydali hisoblanadi. Bu seryog`in ob-havoda bog` zararkunandalarni rivojlanishiga sharoit bo`lishi mumkin. Masalan, urug` mevali bog`larda (olma, nok, behi) olma qizil qon shirasi, olma yashil shirasi, kaliforniya va binafsha rang qalqondorlar, g`ilofli va girdak kuyalar, olma mevaxo`ri va boshqa zararkunandalarni rivojlanishi va tarqalishi kuzatiladi.
Danak mevali bog`larda (o`rik, shaftoli, gilos, olxo`ri va boshqalar) zararkunandalar olma va olxo`ri qurti, qalqondorlar, shirlar, o`rik hamda olcha filchasi va boshqa zararkunandalar rivojlanishi mumkin.






