Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboeva 27 may kuni Ummon Sultonligining O`zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Vafo Jabr Nosir al-Busaidiy bilan uchrashuv o`tkazdi.
Uchrashuvda ikki mamlakat o`rtasida savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish va yangi bosqichga olib chiqish masalalari ko`rib chiqildi.
Tomonlar, o`zaro savdo aylanmasi ko`rsatkichi ikki davlatning salohiyatini ifoda etmasligini, tadbirkorlar o`rtasida qo`shma biznes loyihalarni faollashtirish lozimligini ta`kidladi.
Muloqot davomida fan, ta`lim, madaniyat yo`nalishlaridagi hamkorlik, mamlakatlarning turizm salohiyatidan yanada kengroq foydalanish bo`yicha amaliy sa`y-harakatlarni birlashtirish bo`yicha fikr almashildi.
Suhbat chog`ida parlamentlararo muloqotni o`zaro tashriflar orqali faollashtirish, ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari tegishli qo`mitalari o`rtasida tajriba almashish va yaqin aloqalarni o`rnatish muhimligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida diplomat ikki tomonlama munosabatlarni bundan keyin ham yanada rivojlantirish uchun bor imkoniyat va salohiyatini ishga solishini bildirib o`tdi.






