Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o`rinbosari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov bolalarga xorijiy tillarni, xususan, rus tilini o`rgatish borasidagi fikrlari bilan bo`lishdi.
Sovetafob ekanligimni tan olaman! Sovet davlati tariximiz, to`g`ri, lekin tariximizning qora qog`ozlarida qolib ketishi, kelajagimizda bo`lmasligi kerak deb hisoblayman.
Rossiya katta va qudratli qo`shnimiz. Rossiya bilan yaxshi qo`shnichilik, umumiy manfaatlar va hamkorlikda rivojlanishdan manfaatdormiz, albatta. Ayrim masala va maqsadlarda bir xil o`ylamasligimiz ham tabiiy, ular bo`yicha kelishish, o`rta nuqtalarni topish xalq vakolat bergan hukumatning mahoratiga bog`liq, — deb yozadi Alisher Qodirov.
Shuningdek, “Milliy tiklanish” partiyasi Rossiya—Ukraina munosabatlari haqida ham to`xtalgan.
O`zbekiston har qanday holatda ham o`z manfaatini o`ylab to`g`ri qilmoqda. Har qanday urush kelishuv bilan yakunlanadi. Aqlli boshqaruv urushgacha bormaydi, — deydi u.
Rossiya prezidentining O`zbekistonga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar mamlakat manfaatlariga xizmat qilishini bildirdi.
Rus tili masalasida…
Rus tilini o`rganish yoshlarimiz uchun ingliz, xitoy, arab va fors tillarini o`rganish qatorida juda foydali ekanligini hech qachon rad etmaganman, bundan keyin ham rad etmayman.
Taklifim esa oddiy va tushunarli, bolalarga bolaligidan ona tili va davlat tilidan boshqa til o`rgatilmasligi kerak. Boshqa millatli vatandoshlarimiz ona tilida qadriyatini o`rgansin, davlat tilini esa vatani deb hisoblaydigan O`zbekistonda yaxshi yashashi uchun o`rgansin, tamom.
Maktabni o`rta sinflaridan boshlab istagan xorijiy tilini o`rgansa, shaxsiy rivojlanishiga ham, mamlakat taraqqiyotiga ham faqat foyda bo`ladi.
Rossiya prezidentining O`zbekistonga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar O`zbekiston manfaatlariga xizmat qilishiga shubham yo`q. Murakkab davrda, hech kimni qosh-u qovog`iga qaramasdan xalqimiz manfaatlariga uyg`un harakatlar davlat rahbarining ichki va tashqi siyosatini qo`llab-quvvatlashimizga eng muhim sabablaridan biri, — deya ta`kidlaydi Alisher Qodirov.






