Istiqbolli loyihalar milliy agentligi O`zbekistonda majburiy avtosug`urta tariflari qayta ko`rib chiqilishini e`lon qildi.
Ma`lum qilinishicha, so`nggi yillarda sug`urta tashkilotlari tomonidan sug`urta tovonlari o`z vaqtida to`lanmayotgani hamda to`lanishi mumkin bo`lgan maksimal miqdor avtotransportga etkazilgan zararlarni qoplashga etarli bo`lmayotgani bo`yicha transport vositalari egalarining murojaatlari soni ortib bormoqda.
Tahlillarga asosan 2019 yilda tasdiqlangan 56 ming so`mlik sug`urta mukofoti miqdori sug`urta tashkilotlari uchun zararlarni qoplashga etarli bo`lmagani sababli turli xil yo`llar bilan to`lovlar kechiktirib kelinmoqda. Xususan, 2023 yilda Toshkent shahrida zararlilik darajasi 146 foizni tashkil etgan.
Shuningdek, 2019 yildan boshlab barqaror belgilangan 40 million so`m sug`urta summasi YTHlarda jabrlanuvchilarga etkazilgan zararlar bo`yicha xarajatlarini etarli darajada qoplashga imkon bermay qoldi.
"Jahon bankining statistikasiga asosan, O`zbekistonda iste`mol narxi indeksi oxirgi 5 yil davomida 160 foizga oshgan, bundan tashqari, mehnatga haq to`lashning eng kam miqdori o`sishi 265 foizni tashkil etgan, bazaviy hisoblash miqdori esa 168 foiz o`sish dinamikasini ko`rsatgan.
Shu bilan bir qatorda, O`zbekistonda belgilangan sug`urta puli va sug`urta mukofoti hozirda yaqin qo`shni davlatlar hamda chet el davlatlari bilan solishtirganda eng kam ko`rsatkichni tashkil etadi",–deyiladi xabarda.
“Mazkur muammoning echimi sifatida asosli hisob-kitoblar natijasida, ya`ni transport vositalari egalari va sug`urta tashkilotlari uchun maqbul sug`urta tariflari va sug`urta summasini belgilash rejalashtirilmoqda”, — deyiladi xabarida.
Agentlik yangi sug`urta tariflari va sug`urta summasini belgilash yuzasidan taklif va mulohazalarini Napp connect bot Telegram-botiga yuborishni so`radi.






