2024 yil 1 iyundan O`zbekiston qonunchilikda bir qator o`zgarishlar kuchga kiradi. Jumladan:
Mehnat migrasiyasiga kelayotgan fuqarolarga yo`l chiptasi uchun kompensasiya beriladi
2024 yil 1 iyundan “Xorijda ish” mehnat migrasiyasi elektron dasturiy majmuasida ro`yxatdan o`tgan va tashkillashtirilgan mehnat migrasiyasiga ketayotgan fuqarolarga quyidagi kompensasiyalar to`lanadi:
— xorijiy tillar yoki kasb bo`yicha malaka imtihonlarini topshirish bilan bog`liq xarajatlarini qoplash uchun, basharti ular muvaffaqiyatli topshirilganda va sertifikat olinganda – BHMning 3 baravarigacha (1 mln 20 ming so`m) miqdorda;
— xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirishga “ishchi viza”ni rasmiylashtirish bilan bog`liq xarajatlarini qoplash uchun – BHMning 5 baravarigacha (1 mln 700 ming so`m) miqdorda;
— yo`l chiptasini xarid qilish bilan bog`liq xarajatlarini qoplash uchun – BHMning 2 baravarigacha (680 ming so`m) miqdorda.
Davlat maktabgacha ta`lim tashkilotlarida bolalar ta`minoti uchun ota-onalar to`lovining yangi miqdorlari amal qiladi
2024 yil 1 iyundan va 2025 yil 1 yanvardan boshlab amal qiladigan davlat maktabgacha ta`lim tashkilotlarida bolalar ta`minoti uchun ota-onalar to`lovi miqdorlari tasdiqlangan.
Aholiga foydalanilgan gaz va elektr haqidagi ma`lumotlar har oyda yuboriladi
"Yoqilg`i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo`shimcha chora-tadbirlari to`g`risida"gi Hukumat qaroriga ko`ra, 2024 yil 1 iyundan foydalanilgan elektr energiyasi va tabiiy gaz bo`yicha oylik ma`lumot “bazaviy me`yor” va undan ortiq hajmlar kesimida iste`molchilarga yuboriladi.
Mehnat migrasiyasidan qaytgan shaxslarni ishga olganlarga subsidiya beriladi
Mehnat migrasiyasidan qaytgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga har bir ishga olingan xodim uchun 12 oy davomida oyiga 500 ming so`mdan subsidiya to`lanadi (Bundan byudjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo`lgan yuridik shaxslar mustasno).
Subsidiya 2024 yil 1 iyundan 2026 yil 1 yanvarga qadar ishga qabul qilingan shaxslarga nisbatan to`lanadi.
Mehnat migrasiyasidan qaytgan shaxslar va ularning oila a`zolari bepul tibbiy ko`rikdan o`tkaziladi
— mehnat migrasiyasidan qaytib kelgan shaxslar hamda ularning oila a`zolarini bepul tibbiy ko`rikdan o`tkazish;
— mehnat migrasiyasidan qaytib kelgan, ijtimoiy ahamiyatli kasallikka chalingan shaxslarga tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari ro`yxatiga muvofiq bepul tibbiy yordam ko`rsatish amaliyoti.
Tazyiq va zo`ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko`rsatish takomillashtiriladi
- tazyiq va zo`ravonlikdan jabrlangan yoki jabrlanish xavfi ostida bo`lgan xotin-qizlarga himoya orderi talab etmagan holda ijtimoiy, psixologik va yuridik xizmatlar ko`rsatish tartibi joriy etiladi;
- xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo`ravonlik holati ichki ishlar organlari navbatchilik qismining “102” telefon raqamlariga kelib tushgan murojaatlar asosida ro`yxatga olinadi;
— tazyiq va zo`ravonlikdan jabr ko`rgan xotin-qizlar va ularning voyaga etmagan farzandlari markaziy tuman (shahar) shifoxonalarining shoshilinch qabul bo`limlariga joylashtiriladi;
— rasmiylashtirilgan himoya orderlari va jabrlangan shaxslarga doir ma`lumotlar “Inson” markazlariga “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali yuboriladi.






