Prezident Shavkat Mirziyoev 30 may kuni iqtisodiyot tarmoqlarida energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Yildan-yilga energiya resurslariga talab oshib borayotgan zamonda ulardan oqilona foydalanish, isrofgarchilikni kamaytirishni hayotning o`zi taqozo etmoqda.
Shu maqsadda 2024 yilda hududlarda elektr energiyasi va tabiiy gazni tejash bo`yicha maqsadli ko`rsatkichlar shakllantirildi. Bu maqsadli ko`rsatkichlar ishlab chiqarishga xalal bermagan holda energiya iste`molini samarali tashkil etish orqali muayyan hajmlarni tejashni nazarda tutadi.
Shuningdek, iste`molchilarni energiya auditidan o`tkazishning yangi tartibi joriy etilmoqda. Unga ko`ra, energiya auditi faqat xalqaro standartlarga muvofiq o`tkaziladi. Audit asosida tashkilot va korxonalar tomonidan bajarilishi majburiy bo`lgan chora-tadbirlar ishlab chiqiladi va ularning ijrosi nazorat qilinadi.
Bu borada shaffoflikni ta`minlash uchun energiya auditi xulosalari va undan keyin erishilgan natijalar yillik biznes-rejalariga kiritilib, kuzatuv kengashida tasdiqlanadi.
Har bir tashkilot rahbarlariga energiya samaradorligi bo`yicha KPI joriy etiladi.
Shuningdek, iste`molchilar tomonidan elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini buzganliklari uchun amaldagi tarifga o`suvchi koeffisientni qo`llagan holda qayta hisob-kitob qilish, iste`molchilar tomonidan majburiy energiya auditi o`tkazish natijasida belgilangan chora-tadbirlarni muddatida bajarilmasligi, ushbu chora-tadbirlar bajarilishidan iqtisod qilinishi kutilgan yoqilg`i-energetika resurslari qiymati miqdorida jarima qo`llash tartibini joriy qilish masalasi o`rganilmoqda.
Yana bir taklif – tashkilotlar, hududlar va ko`chmas mulk ob`ektlari kesimida energiya iste`moli reytingini joriy etish. Bunda Energetika vazirligi tomonidan energiya sig`imi eng yuqori va eng past bo`lganlarning “10 taligi” yuritilib, ommaviy axborot vositalarida yoritib boriladi.
Taqdimotda energiyani tejash bo`yicha maqsadli ko`rsatkichlar va uni amalga oshirish choralari atroflicha muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari taqdim etilgan takliflarni aloqador vazirlik va idoralar bilan birgalikda chuqur va puxta ishlab chiqish, ko`rsatkichlarni xalq deputatlari mahalliy kengashlari muhokamasiga kiritish maqsadga muvofiqligini ta`kidladi.






